Jahon | 21:39 / 08.11.2024
2398
2 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda havo ifloslanishi ortidan bog‘ va muzeylar yopilmoqda

Shuningdek, endi soat 20:00 dan keyin barcha bozorlar yopiladi. Yangi cheklovlar odamlar o‘z uylaridan ko‘chaga chiqmasliklari uchun qaratilgan.

Foto: AP

Pokiston sharqidagi aksariyat hududlarda qalin smog tufayli barcha bog‘ va muzeylar yopilmoqda, deb xabar beradi Associated Press. Bundan oldin mamlakatdagi havoning keskin yomonlashgani tufayli maktablar va davlat muassasalari yopilgandi.

Yangi cheklovlar Panjob viloyatidagi 18 ta tumanda, jumladan, chang zarralari tufayli ko‘ruvchanlik 100 metrdan oshmayotgan Lahor shahrida o‘n kun davomida amalda bo‘ladi.

Qayd etilishicha, barcha jamoat bog‘lari, hayvonot bog‘lari va muzeylar, tarixiy qadamjolar va o‘yin maydonlari yopiladi. Maktablar va davlat muassasalari o‘z faoliyatini 17 noyabrdan qayta tiklaydi.

O‘tgan oydan beri Lahor shahri hamda Panjobning qator hududlarida kuchli smog kuzatilmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimi vakillariga ko‘ra, havoning ifloslanishidan zarar ko‘rayotgan hududlardagi 30 mingdan ortiq odam respirator kasalliklardan davolanib chiqqan.

Panjob Atrof-muhit muhofazasi departamenti vakili Sajid Bashirning ma’lum qilishicha, yangi cheklovlar odamlar o‘z uylaridan ko‘chaga chiqmasliklari uchun qaratilgan. Bundan tashqari, Lahor sudi soat 20:00 dan keyin barcha bozorlar yopilishi kerakligi haqida qaror chiqargan.

Lahor Pokistonning ikkinchi yirik shahri. Bu hududda 14 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Shahar ko‘pincha havosi eng ifloslangan hududlar ro‘yxatiga kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, 4 noyabr kuni Hindistonning Dehli shahri dunyoning havosi eng iflos shaharlari reytingida 1-o‘ringa chiqqandi. 2023 yil dekabrda esa Lahor shahrining 10 ta tumanida BAA yordamida bulutlarni to‘yintirish usuli orqali sun’iy yomg‘ir yog‘dirilgan edi.

Mavzuga oid