Jahon | 20:57 / 08.11.2024
3394
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun trillion dollar ajratdi

Yangi chora-tadbirlar iqtisodiyotga mablag‘larni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritish emas, balki uzoq muddatli istiqbolda munitsipal balanslarni tiklashga qaratilgan.

Foto: Bloomberg

Xitoy mahalliy hokimiyatlarning qarz yukini kamaytirish va sekinlashgan iqtisodiy o‘sishni barqarorlashtirish uchun 10 trillion yuan (1,4 trillion dollar) miqdoridagi chora-tadbirlar to‘plamini e’lon qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Nashrning ta’kidlashicha, bu qaror Donald Trampning AQSh prezidenti etib qayta saylanishi ortidan bosim kuchaygan bir paytda qabul qilindi. Oldingi rag‘batlantirish dasturlaridan farqli o‘laroq, yangi chora-tadbirlar iqtisodiyotga mablag‘larni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritish emas, balki uzoq muddatli istiqbolda munitsipal balanslarni tiklashga qaratilgan.

Xitoy moliya vaziri Lan Foan buning ortidan qo‘shimcha rag‘batlantirish choralarini ko‘rishini aytdi. Shu bilan birga, Xitoy hukumati eksport kreditlarini sug‘urtalashni kengaytirish va savdo kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishni ma’qulladi.

Xitoyda mahalliy hukumatlar yuqori qarz darajasi va daromadlarning kamayishiga duch kelishda davom etmoqda. Vaziyat 2021 yilda boshlangan ko‘chmas mulk bozori inqirozidan keyin yomonlashdi. Bu iqtisodiyotning 2024 yilda 5 foizlik o‘sish maqsadiga tahdid soladi. Shu bilan birga, qayta saylangan AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy tovarlariga 60 foizdan ortiq bojlar joriy etish niyatida, bu esa Xitoy eksportchilari va sanoati uchun xavflarni yanada ko‘paytiradi.

Mavzuga oid