Jahon | 22:03 / 12.11.2024
7992
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh hukumati NUJ bo‘yicha ba’zi ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkin

Vashingtonda Noma’lum uchar jismlar (NUJ) va «o‘zga sayyoraliklar» masalasida ommaviy eshituv o‘tkaziladi va jonli efirga uzatiladi.

Foto: US DoD

AQSh hukumati ommaviy eshituvlarda Noma’lum uchar jismlar (NUJ) masalasida «maxfiylik pardasini ko‘tarishga» tayyorlanmoqda. Tinglovlar jamoatchilik e’tiboriga jonli ravishda uzatiladi. Bu haqda IFL Science xabar berdi.

«Noma’lum g‘ayritabiiy hodisalar: haqiqatni oshkor qilish» deb nomlangan tinglov 13 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:30 da Vashingtondagi Kapitoliy tepaligida bo‘lib o‘tadi. Uni onlayn kuzatish imkoniyati mavjud.

«Noma’lum anomaliya hodisalari bo‘yicha ikkinchi tinglov AQSh hukumatining maxfiy tadqiqot dasturlari va ularning natijalaridan maxfiylik pardasini olib tashlashga qaratiladi», deyiladi Nazorat qo‘mitasi bayonotida.

«Tinglovda Mudofaa vazirligining NUJ haqidagi materiallarni oshkor etishni istamasligi, shuningdek, Amerika jamoatchiligining ushbu mavzu bo‘yicha yaxshiroq xabardor bo‘lishini ta’minlash yo‘llari ko‘rib chiqiladi», deb qo‘shimcha qildi qo‘mita.

NUJ bo‘yicha ba’zi oldingi ommaviy eshituvlar «o‘zga sayyoraliklarga ishonuvchilar» hafsalasini pir qilgan edi. Jumladan, 2022 yilda NUJ bo‘yicha o‘tkazilgan qariyb 60 yil ichida birinchi ommaviy tinglovlar ba’zi siyosatchilar tomonidan «mutlaqo hazil» yoki «qayg‘uga soluvchi» sifatida baholandi.

Biroq, u jamoatchilikka bir nechta yangi ma’lumotlarni, jumladan, ehtimoliy NUJ haqidagi ikkita yangi videoni oshkor qildi. Shuningdek, AQSh Mudofaa vazirligi yaqin o‘tmishda 400 ta hodisani kuzatgani, shu jumladan 11 ta holatda «deyarli to‘qnashuv»ni qayd qilgani ma’lum bo‘ldi.

2024 yil mart oyida e’lon qilingan Pentagon hisobotida «har qanday hukumat tekshiruvi, akademik tadqiqotlar yoki rasmiy tekshiruvlar NUJ haqida hech qanday dalilni topmadi» degan xulosa keltirilgan. Shuningdek, u Qo‘shma Shtatlar «o‘zga sayyoraliklar bilan uchrashish holatlarini yashirib kelganini» rad etadi.

Hisobotda NUJ tabiati bo‘yicha aniq xulosalar berilmagan, ammo mualliflar bu hodisalar texnogen, ehtimol xorijiy harbiy kuchga tegishli ekaniga ishonishga moyil.

Mavzuga oid