BAA o‘zbekistonlik haydovchilarni ish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston va BAA o‘rtasida haydovchilik guvohnomalari o‘zaro tan olinishi to‘g‘risidagi bitim 2023 yilda imzolangan.
O‘zbekistonning elchixonasi rahbariyati Dubay rekruting biznes guruhi bosh kotibi, DULSCO Group rekruting kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahdi Muhammad bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yangi korxonalarni tashkil qilish orqali qo‘shimcha ishchi o‘rinlarini yaratish, mamlakat fuqarolarini uyushgan holda va qonuniy tarzda xorijiy davlatlarga ishga yuborish, migratsiya bo‘yicha me’yoriy-huquqiy asoslar va boshqalar to‘g‘risida so‘zlab berildi. O‘zbekiston bozorlarida faol ishlaydigan rekruting kompaniyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham BAA tomoni e’tiboriga taqdim etildi.
Dubay rekruting biznes guruhi bosh kotibi O‘zbekiston bozoriga qiziqish mavjudligini va mamlakat fuqarolarini BAAda ish bilan ta’minlash bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
Mahdi Muhammad O‘zbekiston va BAA o‘rtasida haydovchilik guvohnomalari o‘zaro tan olinishi to‘g‘risidagi bitim 2023 yilda imzolanganiga e’tibor qaratib, tajribali haydovchilarni ish bilan ta’minlash imkoniyati borligini ma’lum qildi.
Muzokaralar yakunida mamlakatdan BAAga malakali mutaxassislarni ishga jalb qilish maqsadida O‘zbekistonning tegishli tashkiloti va Dubay rekruting biznes guruhi o‘rtasida hamkorlik bitimi loyihasini ishlab chiqish va imzolash bo‘yicha kelishib olindi.
Mavzuga oid
15:24
“Vertolyotda kelib, ko‘zimizni bog‘lab olib ketishdi” - BAAda hibsga olingan o‘zbekistonlik
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
14:32 / 10.12.2024
BAA O‘zbekistondan yem-xashak import qilishga qiziqish bildirdi
15:32 / 09.12.2024