Jahon | 20:17 / 13.11.2024
3147
2 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda to‘y avtobusi daryoga qulashi oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi

Avtobus ichida bo‘lgan to‘y marosimi ishtirokchilaridan faqat kelin omon qolgan. Hozirda u turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Dawn

Pokiston shimolida to‘yga ketayotgan avtobus daryoga qulab tushishi oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi. Dawn telekanalining ma’lum qilishicha, avtobus ichida bo‘lgan to‘y marosimi ishtirokchilaridan faqat kelin omon qolgan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, kelin turli tan jarohatlari olgan va hozirda shifoxonaga yotqizilgan.

«Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan hududda ob-havoning yomonligi, mahalliy yo‘llarning tor va sifatsiz ekani, transport vositalari ortiqcha yuk bilan harakatlanishi hamda yo‘l belgilarining kamligi tufayli bu kabi holatlar tez-tez sodir bo‘lib turadi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha daryodan 16 kishining jasadi olib chiqilgan, hozirda qidiruv ishlari davom etmoqda. Pokiston prezidenti Asif Ali Zardariy qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilda Nepal markazidan o‘tuvchi daryoga yo‘lovchi avtobusining qulab tushishi oqibatida kamida 19 kishi halok bo‘lgan, 16 nafari shifoxonaga yotqizilgan edi.

Mavzuga oid