The Guardian Twitter’ni tark etishini ma’lum qildi
Tahririyat qaroriga tarmoqda «xavotirli kontent», jumladan «o‘ng qanot fitna nazariyalari va irqchilik» tarqalishi ta’sir ko‘rsatgan.
Britaniyaning The Guardian gazetasi X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifalari endi yangilanmasligini e’lon qildi.
«Fikrimizcha, X tarmog‘ida bo‘lishning afzalliklaridan ko‘ra, salbiy tomonlari ustun kelmoqda. Resurslardan jurnalistikamizni boshqa joylarda targ‘ib qilish uchun yaxshiroq foydalanish mumkin», deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, tahririyat qaroriga tarmoqda «xavotirli kontent», jumladan «o‘ng qanot fitna nazariyalari va irqchilik» tarqalishi ta’sir ko‘rsatgan.
«AQSh prezidentligi uchun saylov kampaniyasi biz uzoq vaqtdan beri taxmin qilgan narsani ta’kidladi: X - zaharli media platformasi bo‘lib, uning egasi Ilon Mask o‘z ta’siridan siyosiy fikrni shakllantirish uchun foydalana oldi», deyiladi bayonotda.
Tahririyat o‘z o‘quvchilariga xabarlar va ma’lumotlarni The Guardian veb-saytidan olishni tavsiya qildi.
«Biznes modelimiz ijtimoiy media gigantlari algoritmlarining injiqliklariga moslashtirilgan virusli kontentga tayanmaydi - buning o‘rniga biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘quvchilarimiz tomonidan moliyalashtirilamiz», deyiladi bayonotda.
Amerikalik milliarder Ilon Mask Twitter platformasini 2022 yil oktyabr oyida sotib oldi. Keyinchalik, u nomaqbul kontent, xususan, irqchilik mazmunidagi postlarning tarqalishiga to‘sqinlik qilmaslikda bir necha bor ayblandi. 2023 yil noyabr oyida Media Matters for America nodavlat notijorat tashkiloti o‘z hisobotini e’lon qildi, unga ko‘ra X ijtimoiy tarmog‘idagi Apple, IBM va Oracle reklamalari natsizm va Adolf Hitlerni madh etuvchi kontent yonida ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng, ushbu kompaniyalar tarmoqda reklama joylashtirishdan bosh tortdi.
Mask o‘z platformasini boykot qilgan reklama beruvchilarga o‘zini shantaj qilishga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Mask Twitter’ni sotib olganidan bir yil o‘tgach, ijtimoiy tarmoq eng yirik reklama beruvchilarining yarmini yo‘qotdi.
Bu yilgi AQSh prezidentlik kampaniyasi davomida Mask Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampni qo‘llab-quvvatladi. Keyinchalik, saylovda g‘alaba qozongan Tramp yangi hukumatga Ilon Maskni taklif qilmoqchi ekani ma’lum bo‘ldi.
Mavzuga oid
20:07 / 16.12.2024
WSJ: Ilon Mask o‘z kompaniyasi AQSh harbiylari va razvedka topshirig‘i bilan kosmosga nimalar jo‘natayotganini bilmaydi
22:55 / 11.12.2024
Ilon Mask 400 milliard dollardan ortiq boylikka ega dunyodagi birinchi odamga aylandi
19:30 / 04.12.2024
Britaniyaning The Guardian gazetasi jurnalistlari 50 yil ichida birinchi marta ish tashlash e’lon qildi
17:25 / 03.12.2024