Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
Hamas yetakchisi Deyf bilan birga Netanyahu va Galantni hibsga olish uchun order bergan Xalqaro jinoiy sudning adolatliligi masalasida dunyo davlatlari hukumatlari a’zolarining fikrlari turlicha.
Xalqaro jinoiy sud Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order bergani «g‘azablanarli». Bu haqda 21 noyabr, payshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden bayonot berdi.
«Xalqaro jinoiy sudning Isroil rahbarlariga nisbatan hibsga olish uchun order bergani g‘oyat g‘ayritabiiydir. Yana bir bor aniq aytib o‘taman: XJS nima demasin, Isroil va Hamas o‘rtasida tenglik yo‘q. Biz tahdidlarga qarshi doimo Isroil bilan birga bo‘lamiz, uning xavfsizligi uchun ishlaymiz», deyiladi Oq uy matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan hujjatda.
Avvalroq AQSh Milliy xavfsizlik kengashi AQSh «(XJS) prokurorining hibsga olishga order berishdagi shoshqaloqligi va bu qarorga olib kelgan muammoli protsessual xatolardan qattiq xavotirda ekani» haqida bayonot tarqatgan edi.
Isroil ham, AQSh ham XJS yurisdiksiyasini tan olmaydi. Sudning o‘z «politsiyasi» bo‘lmagani uchun Rim statutiga a’zo bo‘lgan 124 davlat uning qarorlari ijrosi uchun mas’uldir, deya eslatadi AFP.
Ayni paytda, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Binyamin Netanyahu va Yoav Galantning XJS orderlariga muvofiq hibsga olinishi majburiy qaror ekanini aytdi. «Bu siyosiy qaror emas va sud qarori hurmat qilinishi va amalga oshirilishi kerak», dedi Borrel 21 noyabr kuni Iordaniyadagi matbuot anjumanida jurnalistlarning izoh berish so‘roviga javoban.
AQSh Senati Isroilga qurol yetkazib berishni bloklashni rad etdi
20 noyabr kuni AQSh Senati ko‘pchilik ovoz bilan AQShning ayrim qurol-yarog‘ tizimlarini Isroilga yetkazib berishga to‘sqinlik qiluvchi uchta rezolyutsiyani rad etdi. Bu haqda dpa agentligi va The Hill internet nashri xabar berdi.
Aniqlik kiritilishicha, rezolyutsiyalar tank qurollari va granatomyotlar uchun ba’zi o‘q-dorilar, shuningdek, bombalarni boshqarish moslamalariga tegishli. Hujjatlar mualliflari AQSh prezidenti Jo Baydenning Isroilga nisbatan siyosatini ma’qullamaydigan demokratlar guruhi va ularning ittifoqchisi, mustaqil senator Berni Sanders edi.
The Hill ta’kidlaganidek, Sanders rezolyutsiyalar «G‘azo sektori va Livanda tinch aholiga nisbatan halokatli oqibatlarga olib kelgan hujumkor qurollarga» qarshi qaratilganligini ta’kidladi. Senatorning aytishicha, cheklovlar Isroilning hujumlardan o‘zini himoya qilish qobiliyatiga ta’sir qilmaydi, biroq uning takliflariga qarshi chiqqan qonun chiqaruvchilar bunga rozi emas.
Mavzuga oid
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
00:02 / 22.12.2024
Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»
23:11 / 21.12.2024
AQSh prezidenti hukumat ishini moliyalashtirishni uzaytiruvchi qonunni imzoladi
20:35 / 21.12.2024