Jahon | 10:36 / 22.11.2024
1655
3 daqiqa o‘qiladi

Boris Pistorius kanslerlikka nomzodini qo‘yish niyatida emas

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius GSDPdan kansler lavozimiga ariza berish niyatida emasligini aytdi va bu lavozimga amaldagi hukumat rahbari Olaf Shols nomzodini qo‘llab-quvvatladi.

Foto: AP

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Germaniya kansleri lavozimiga da’vogarlik qilmasligini ma’lum qildi. Uning murojaati 21 noyabr, payshanba kuni Sotsial-demokratik partiyaning (GSDP) X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilindi.

Pistorius kansler lavozimiga nomzodini ilgari surmaslik haqidagi qarorni butunlay o‘zi qabul qilganini tushuntirdi. Bu o‘rin uchun kurashda u Germaniyaning amaldagi kansleri Olaf Sholsni qo‘llab-quvvatladi. «Olaf Shols — kuchli kansler va u kansler lavozimiga to‘g‘ri nomzod», deb tushuntirdi u. Shols, uning fikricha, «aql va ehtiyotkorlik tarafdori», bu hozirgi kabi inqiroz davrida ayniqsa muhimdir.

Dpa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, GSDPdan kansler lavozimiga Shols nomzodi partiya rahbariyatining 25 noyabr, dushanba kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida ko‘rsatiladi.

GFR kansleri lavozimiga «yashillar»dan nomzod Kiyevga TAURUS'ni va’da qildi

Germaniya vitse-kansleri va iqtisodiyot vaziri Robert Habek Germaniya hukumati rahbari lavozimiga saylansa, Ukrainaga TAURUS uzoq masofali qanotli raketalarini yuborishga va’da berdi. Bu lavozimga «Ittifoq-90»/«yashillar» partiyasidan nomzod 17 noyabr kuni ARD telekanaliga bergan intervyusida Kiyevga TAURUS yetkazib berilishiga qarshi bo‘lgan Germaniyaning amaldagi kansleri Olaf Sholsning qarorini qayta ko‘rib chiqish istagini bildirdi.

Xristian-demokratik ittifoqdan (XDI) Germaniya kansleri lavozimiga yana bir nomzod Fridrix Mers avvalroq xuddi shunday saylov va’dasini berib, Sholsni strategik qarashga ega emaslikda ayblagan edi.

Olaf Shols Kiyevni TAURUS raketalari bilan ta’minlashdan bosh tortishiga Germaniyaning urushga tortilishi xavfi sabab bo‘lgan. Bir kun oldin Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari, Sholsning Sotsial-demokratik partiyadagi partiyadoshi Boris Pistorius ham Ukrainaga TAURUS yetkazib berilishi haqida salbiy gapirib, Kiyevga qanotli raketalarni yetkazib berish Ukrainadagi vaziyatni o‘zgartirmasligini aytdi.

Mavzuga oid