London YeI bilan munosabatlarni tiklash uchun muzokarachi qidirmoqda
Buyuk Britaniya hukumatida yangi vakansiya ochildi: Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralarda mamlakatning rasmiy vakili bo‘ladigan diplomat ishga olinadi. Bosh vazir Kir Starmer boshchiligidagi leyboristlar YeI bilan munosabatlarni “qayta tiklash”ni va’da qilgan.
Davlat fuqarolik xizmatidagi vakansiyalar portalida keltirilishicha, Britaniya hukumatining Yevropa Ittifoqi va xalqaro iqtisodiy munosabatlar bo‘yicha ikkinchi doimiy kotibi lavozimini egallaydigan shaxsga yiliga 153 ming funtdan 200 ming funtgacha maosh taklif etiladi.
Da’vogarlardan arizalar 8 dekabr oqshomigacha qabul qilinadi.
Vakansiya tavsifida yozilishicha, tanlab olingan nomzod Buyuk Britaniya hukumatining YeI bilan munosabatlarida yetakchi rol o‘ynaydi, qator masalalar, xususan savdo, xavfsizlik va chegara siyosatida Buyuk Britaniyaning “asosiy manfaatlari”ni himoya qilish uchun javobgar bo‘ladi.
Bo‘lajak amaldor – bosh vazirning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar bo‘yicha bosh maslahatchisi, Bryussel bilan muzokaralarda “katta va shaxsiy vakili” bo‘lishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2016 yildan boshlab Britaniyada Yevropa Ittifoqidan chiqish shiori ostida ketma-ket bir nechta konservativ hukumatlar hokimiyatga kelgan va ular 2020-21-yillarda bunga erishgandi.
So‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, britaniyaliklarning ko‘pchiligi hozir Brexit'dan afsusda. Ilgari Yevropa Ittifoqidan chiqish tarafdori bo‘lganlarning salmoqli qismi hozirga kelib o‘z fikrini o‘zgartirgan.
2024 yil iyulida Starmer boshchiligidagi leyboristlar hokimiyatga keldi. Ular Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni “qayta tiklashga” va’da bergan, ammo ittifoqqa qayta qo‘shilishni ilgari surmagan.
Oktyabr oyida Starmer Bryusselga birinchi tashrifini amalga oshirib, Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyyen bilan muzokara o‘tkazgan.
Mavzuga oid
22:44 / 22.12.2024
YeI Ukrainaga qarshi boshlangan urushga uch yil to‘lishi munosabat bilan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlamoqda
21:05 / 22.12.2024
Qatar Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi
18:56 / 22.12.2024
Britaniyalik harbiylar ommaviy ravishda armiyadan ketishni boshladi
21:42 / 19.12.2024