O‘zbekiston | 10:21 / 25.11.2024
7504
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident parlament majlisidagi nutqida eng ko‘p qaysi so‘zlarni ishlatdi?

Shavkat Mirziyoyev parlamentning O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisida 3318 ta so‘z ishlatgan. Eng ko‘p ishlatilgan so‘zlar "hukumat", "aholi", "davlat", "rahbar", "qonun", "dastur", "iqtisodiyot" va boshqalar bo‘ldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston prezidentining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi nutqining lingvistik tahlili natijalarini e’lon qildi.

2024 yil 20 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi nutqida jami 3318 ta so‘z ishlatgan. Eng uzun so‘zlar 23 harfdan iborat bo‘lib, bu siyosiy va iqtisodiy mavzularga xos murakkab atamalar mavjudligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga nutqda qo‘llanilgan so‘zlar o‘rtacha 7 ta harfdan iborat bo‘lgan.

Nutq matnidan so‘zlar buluti hosil qilindi va bu nutqdagi eng muhim mavzularni tasavvur qilish imkonini yaratadi hamda O‘zbekistondagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Prezident nutqining lingvistik tahlilida asosiy kalit so‘zlar, "hukumat" so‘zi 29 marta, “aholi” va “davlat” so‘zlari 18 marta, “rahbar” so‘zi 16 marta, “qonun” va “dastur” so‘zlari 15 marta, “iqtisodiyot” so‘zi 14 marta va “tizim” so‘zi 13 marta ishlatilgan.

“Mamlakat” va “deputat” so‘zlari 9 marta qo‘llangan bo‘lsa, “O‘zbekiston”, “xalqimiz”, “xizmat” va “sifat”, “parlament” so‘zlari 8 marta, “investitsiya” va “imkoniyat”, “vazirlik” so‘zlari 7 marta, “energiya”, “ta’lim” va “yoshlar” so‘zlari 6 marta tilga olingan.

Ikki so‘zli iboralarni tahlil qilib, shuni ta’kidlash mumkinki, “Vazirlar mahkamasi” iborasi 6 marta, “Markaziy Osiyo”, “bosh vazir” iboralari 5 marta, “yangi hukumat” iborasi 4 marta qo‘llanilgan. “Yangi O‘zbekiston”, “tashqi siyosat”, “kambag‘allikni qisqartirish” iboralari esa 3 marta tilga olingan.

Uch so‘zdan tashkil topgan iboralardan “kelgusi besh yil” iboraci 5 marta, “yalpi ichki mahsulot” iboraci 3 marta, “parlament va hukumat”, “ijro etuvchi hokimiyat”, “jon boshiga daromad” va “suv tejaydigan texnologiya” iboralari 2 marta tilga olingan.

Shunday qilib, tahlilda davlat siyosatining boshqaruv, iqtisod va ijtimoiy masalalar kabi eng muhim jihatlariga alohida e’tibor qaratilgan.

Mavzuga oid