Qimmat sotilgan dorilarning puli xaridorlarga qanday qaytarilyapti?
Raqobat qo‘mitasi yil boshidan beri dorilarning qimmat sotilishi tufayli iste’molchilarga 7 mlrd so‘mlik mablag‘lar qaytarilganini ma’lum qildi. Xo‘sh, dorilar qachon qimmat sotilgan deb topiladi, odamlar qimmat sotilgan dorilar uchun ortiqcha to‘lagan pulini qanday qaytarib oladi? Qo‘mita vakili Kun.uz'ning ushbu savollariga javob berdi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, dori vositalarining chegaralangan narxlari bor.
Avvalo, u yoki bu dori vositasi O‘zbekistonga ilk marta import qilinganida yoki ishlab chiqarilganida Farmatsevtika agentligida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida dori vositasining belgilangan (bazaviy) narxi shakllanadi.
Qonunchilik talabiga ko‘ra, ulgurji sotuvchilar o‘rtadagi vositachilar sonidan qat’i nazar dori ustiga 15 foizgacha ustama qo‘yishi mumkin, chakana sotuvchilar esa 20 foizgacha. Ya’ni dori vositalarining maksimal qimmat narxi – boshlang‘ich narxiga nisbatan 38 foizgacha deb belgilanadi, shu narxdan qimmat sotish huquqbuzarlik hisoblanadi.
Xaridorlar dorixonadan olgan chekidagi QR-kodni keshbek olish maqsadida “Soliq” ilovasida skanerlagan paytda dori vositasi belgilangan chegaradan yuqori sotiladigani aniqlansa, tizim bu haqda avtomatik ravishda Raqobat qo‘mitasiga xabar yuboradi. Shunga asosan, dorixonalar ma’muriy javobgarlikka tortiladi, iste’molchiga esa ortiqcha undirilgan pul qaytarib beriladi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Elmurod Hayitmetov Kun.uz'ning bu jarayonga oid ayrim savollariga javob berdi.
– Iste’molchi dori sotib oladi va QR–kodli chekni “Soliq” ilovasida skaner qiladi. Shu orqali dori qimmat sotilgan bo‘lsa, Paqobat qo‘mitasiga avtomatik murojaat yo‘llanadi. Shundan keyingi bosqichni tushuntirib bersangiz, iste’molchilarga pul qanday qaytariladi?
– Chekni skaner qilganda Soliq qo‘mitasi bazasiga ma’lumot kelib tushadi, Soliq qo‘mitasining bazasi narxni [avtomatik ravishda] Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bazasidagi dori narxlari bilan (agentlik bazasida eng yuqori narxlar belgilangan) solishtiradi. Shundan keyin u ma’lumot bizning Fair Tech bazamizga tushadi, shu asosida o‘rganish ishlarini amalga oshiramiz. Kerak bo‘lsa, Biznes ombudsmandan tekshirishga ruxsat olib, xo‘jalik yurituvchi sub’yektga chiqib tekshirish o‘tkazamiz. Huquqbuzarlik o‘z tasdig‘ini topsa, tadbirkor cheklangan narxdan qimmat sotgani aniqlansa, ortiqcha undirilgan pulni iste’molchiga qaytarish choralari ko‘riladi.
Hammasini o‘rnatilgan tartibda komissiya ko‘rib chiqadi. Dorixonaning egasi (tadbirkor) iste’molchiga plastik kartochkasi bo‘lsa, unga tushirib beradi, yoki naqd bo‘lsa, naqd qaytaradi. Naqd shaklda qaytarsa, bizga tilxatini beradi: xarid qilgan iste’molchining pasport ma’lumotini ko‘rsatib, unga imzo qo‘ydirib, tilxat oladi. Yoki kartochka orqali o‘tkazgan bo‘lsa, bizga undan ko‘chirmani beradi.
Ko‘p holatlarda plastik karta orqali to‘lovlar amalga oshirilyapti. Karta egasini aniqlash qiyin emas, shu tartibda birma bir iste’molchilarga qaytarilgani nazoratini amalga oshiramiz
– Naqd pulni iste’molchilarga qaytarish qanday bo‘ladi, aniqroq tushuntirib bersangiz.
– Naqd pulda iste’molchini topish masalasi bor. Qonunchilikka asosan, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunda qay shaklda to‘lov amalga oshirilgan bo‘lsa, shu shaklda qaytarish ta’minlanishi kerak. Agar iste’molchini aniqlash imkoni bo‘lmasa, budjetga undirish masalasi ko‘riladi.
Dori vositalarining ulgurji sotuvchilar ulushi ham bor, ularda elektron schyot faktura bor, faktura soliq bazasiga ulangan. Shu sababli ularniki sal soddaroq tartibda bo‘ladi. Jismoniy shaxslar bilan bog‘liq masala sal mushkul. Naqd pul muammosi bor. Agar yakuniy iste’molchini aniqlash imkoni bo‘lsa, iste’molchiga qaytariladi, aniqlash imkoniyati bo‘lmasa, budjet daromadiga undirilishi ta’minlanadi.
– O‘tgan yili aynan Fair Tech tizimi ishlashidan norozi bo‘lib dorixonachi tadbirkorlar bizga murojaat qilgan edi. Ular referent narxlar Farmatsevtika agentligi bazasida to‘g‘ri shakllantirilmagani bois bir oyda minglab huquqbuzarlik holatlari yuzaga kelganidan shikoyat qilgan. Tadbirkorlar narxlar avval 1 yilda 1 marta yangilangani, shikoyatlardan keyin 6 oyga tushirilgani, shunda ham ko‘plab dorilar narxlarida nomuvofiqliklar kuzatilganini aytishgandi. Shu masala yechildimi?
– Bu – yangi tartib, shunga qaramay hozir ancha tartibga tushdi. Lekin bu muammo haqiqatan ham bor. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan narxlar shakllantiriladi. 2020 yil 10 iyunda Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan nizom asosida referent narxlar shakllantiriladi. Referent narxni, aytaylik, amalda xarid qilingan yoki tadbirkorlik sub’yekti import qiladigan mamlakatning o‘zgarishi hisobiga narxlar o‘zgarishi mumkin, agentlik bunga yeta olmayotgani holatlari yuzaga kelish ehtimoli yo‘q emas.
Ammo agar tadbirkorlar ariza bilan murojaat qilsa, agentlik narxlarga tuzatish kiritadi. Bu tartib bunday ishlaydi: ariza beruvchi cheklangan narxlarni qayd etish va qayta qayd etish uchun elektron raqamli imzo bilan axborot tizimiga kiradi, shundan so‘ng real vaqt rejimida cheklangan narxlarni qayd etish yoki qayta qayd etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini (xat, shartnoma yoki ishonchnoma) hamda cheklangan narxlar qayd etiladigan O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan dori vositalari ro‘yxatini yuboradi.
Ishchi organ ariza qabul qilingan sanadan boshlab ikki ish kuni ichida ariza beruvchining guvohnoma egasi yoki uning ishonchli vakili ekanini tekshiradi. Guvohnomaning egasi yoki uning ishonchli vakili ekani tasdiqlanganidan so‘ng uni axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazadi va bu haqidagi ma’lumotni ariza beruvchiga axborot tizimi yoki elektron pochta manzili orqali yuboradi.
Ariza beruvchi axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng arizada ko‘rsatilgan dori vositalariga cheklangan narxlarni qayd etish uchun ma’lumotlarni kiritish huquqiga ega bo‘ladi.
Bunda dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositalarining har bir savdo nomi uchun O‘zbekiston Respublikasi milliy valutasida belgilangan cheklangan narxlarni axborot tizimiga kiritish mumkin.
Ariza beruvchi uch oydan kam bo‘lmagan muddatda cheklangan narxlarni qayta qayd etish uchun ariza topshirishga haqli.
– Dorixonalarda dorilarning MXIK kodlari noto‘g‘ri kiritilishi tufayli huquqbuzarlik yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatlarda qo‘mita qanday yo‘l tutadi?
– Dorixonada hisobvaraq faktura rasmiylashtirilganda, ko‘p holatlarda bazaga dorining kodi kiritilgan vaqtda kassir dorining nomidagi 2-3 ta harfni yozsa, bazadan shu nomga o‘xshash boshqa dorilar nomlari ham chiqib keladi. Shu nom bilan hisob-faktura rasmiylashtiriladi-da, dorining kodi qo‘yiladi. Bu holatda dorixonaning buxgalterlari yoki hisob-kitob bilan shug‘ullanadigan xodimlari e’tiborsizlik qilib, hisob-faktura rasmiylashtiradi.
Shundan keyin iste’molchi chekni skanerlaganda baza avtomatik ravishda referent narx bilan solishtirib, farqni chiqarib, Fair Tech'ga tashlab beradi. Biz ma’lumotlarni olib, tekshirishga chiqib o‘rganganimizda hisob-faktura rasmiylashtirishdagi xatolik bo‘lib chiqadi. Bunday holatlarda birlamchi hujjatlarni rasmiylashtirib, tadbirkorlik sub’yektiga hech qanday chora ko‘rmaymiz. Bunday holatlar ham tez-tez uchrab turadi.
– Deylik, biror dorining cheklangan narxi 10 000 so‘m bo‘lsa-yu, tadbirkor uni 10 100 so‘mga sotib qo‘ysa ham huquqbuzarlik qayd etiladimi? Bunday holatlar millionlab yuzaga kelishi mumkin va ularning har birini bartaraf etish ko‘p vaqt va resurs talab qilmaydimi?
– 107 773 ta holat – biz ulgurganimiz. Aslida keyslar bundan ham ko‘p. Fair Tech'ga tushgan ma’lumotni to‘liq qayta ishlash imkoniyati cheklangan. Inson omili bilan hal qilishimiz qiyin. Imkon darajasida qayta ishlab, chora ko‘rib boryapmiz. Iste’molchilar ham faqat tizim orqali kelganini ko‘ryapsizlar, lekin dorixonada chek bermasa, unda qanaqa holat bo‘ladi, deb ko‘p murojaat qiladi. Kecha bir iste’molchi shu masalada qo‘ng‘iroq qildi. Albatta, bu yerda iste’molchilar faolligi kerak, bu holatda Fair Tech'dan tashqari mingga yaqin murojaatlar o‘zimizga kelib tushgan. Bu holatlarda dorixonada iste’molchiga chek berilmagan, lekin dorilar qimmat sotilgan va ishonch telefoni orqali narx borasida shikoyat qoldirilgan. Murojaatlarni o‘rganib, 100 mln so‘mga yaqin mablag‘lar qaytarildi.
Asosiy umidimiz – dorixona egalarini sergaklikka chaqirish. Qonunchilik bor, belgilangan narxdan qimmat sotganlik uchun jarima bor. Huquqbuzarlik uchun jarima to‘lash tadbirkorning daromadi kamayishiga olib keladi. Shu orqali profilaktika, tartibga chaqirish maqsadimiz bor. 15 foiz ulgurjiga, 20 foiz chakana sotuvchiga yetarli miqdordagi ustama deb o‘ylayman.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
10:31 / 22.12.2024
Bojxona postidan 9 oylik chaqalog‘ining kiyimlariga dori yashirib o‘tmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi
15:25 / 05.12.2024
IJQKD dorilar xaridi qonuniyligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi
17:32 / 30.11.2024
Buyuk Britaniyada astma xurujlariga qarshi yangi dori ishlab chiqildi
11:05 / 21.11.2024