Fan-texnika | 00:06 / 25.11.2024
5176
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyalik olimlar dengiz suvida parchalanuvchi plastik materialni ixtiro qildi

Olimlar yangi material mikroplastiklar natijasida yuzaga kelayogan atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.

Foto: Riken

Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtiriluvchi Riken tadqiqot instituti olimlari mustahkamlik borasida oddiy plastikdan farq qilmaydigan, ammo dengiz suvida bir necha soat ichida erib ketishga qodir plastik materialni ixtiro qildi. 

Qayd etilishicha, tarkibida Tokio universiteti olimlar ham bo‘lgan xalqaro tadqiqot guruhi vakillari yangi material mikroplastiklar natijasida yuzaga kelayogan atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.

Plastiklar monomerlar zanjiridan iborat polimerlardan tashkil topgan. Monomerlar o‘rtasidagi mustahkam aloqa sabab ular parchalanishi qiyin, shu boisdan plastiklar tashlab yuborilganda ular to‘planib qolib, atrof-muhitga zarar yetkazadi.

Riken tadqiqot guruhi rahbari va Tokio universiteti professori bo‘lgan Takudzo Aida rahbarligi ostida olimlar guruhi tabiiy parchalanuvchi monomerlarning ikki turini suvda aralashtirib, kombinatsiyalangan monomerlar strukturasini yaratdi.

Paydo bo‘lgan va quritilgan struktura shaffof rangda bo‘lib, plastik material kabi mustahkam. Olimlar guruhi aralashmadagi monomerlardan birining ulushini oshirish orqali ushbu materialga termobarqarorlik, qattiqlik va parchalanishga nisbatan bardoshlilik kabi turli xususiyatlarni qo‘shish mumkinligini aniqladi. 

Jamoaning so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazilgan testlar davomida olingan plastik namunalari odatdagilardan farq qilmasligi, ammo sho‘r suvga solinganida monomerlar bir necha soat ichida ajralib ketishi isbotlangan. Shuningdek,  har ikki tudagi monomerlarni arzon narxlarda xarid qilish mumkin. 

Mavzuga oid