O‘zbekiston | 01:57 / 26.11.2024
48345
6 daqiqa o‘qiladi

Allamjonovga suiqasd: tergovning yangi tafsilotlari, jinoyatni fosh etishga to‘sqinlik qilgan amaldorlar va katta tozalash

Prezident Administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasddan 1 oy o‘tib jinoyatni sodir etganlar hamda ularga buyurtma berganlarning 7 nafari ushlandi. Asosiy figurant sifatida ko‘rilayotgan Javlon Yunusov Janubiy Koreyadan ushlab kelindi. Shuningdek, bir guruh amaldorlar jinoyatni fosh etishga to‘sqinlik qilib kelgani oydinlashdi. DXX raisi Abdusalom Azizov, DXX Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i Alijon Ashurov, uning ukasi – bosh vazir yordamchisi Sarvar Ashurov, IIV Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i Ahrorjon Adhamov va Toshkent shahar IIBB boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ishdan olingan.

O‘zbekiston prezidenti ma’muriyati Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonovga suiqasd yuzasidan yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Unda aytilishicha, ayblanuvchilardan biri Janubiy Koreyadan ushlab kelingan. 

Ish nazoratida bo‘lgan Bosh prokuratura suiqasddan bir oy o‘tib ilk marta suiqasd tashkilotchilari Komil Allamjonovni o‘ldirishga uringanini ma’lum qildi. Avvalgi barcha bayonotlarda sobiq mulozim nomi tilga olinmagan va berilgan axborotlar o‘ta mavhum edi.

Javlon Yunusov kim?

Bosh prokuratura axborotida aytilishicha, tergov jarayonida ayblanuvchilar xonadonlari va mashinalarida tintuv o‘tkazilgan. Ish doirasida dastlab 5 kishi qo‘lga olinib, ularga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Yana 2 kishi qidiruvga berilgan.

Keyinroq ularning ikkisi ham topilgan. K.S ismli shaxsning Qozog‘istondagi yashiringan manzili topilib, u tergov qilingan.

Ish bo‘yicha ismi ochiq e’lon qilingan yagona ayblanuvchi – Javlon Yunusov. Bosh prokuratura xabarida aytilishicha, Yunusov Janubiy Koreyada qo‘lga olingan va O‘zbekistonga olib kelingan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Javlon Yunusov nomi ilk bor xorijiy nashrlarning Allamjonovga suiqasd bo‘yicha surishtiruvlarida tilga olingandi. 36 yoshli Yunusov Interpol orqali qidiruvga berilgan, keyin esa Janubiy Koreyada qo‘lga olingan. U farg‘onalik bo‘lib, rafiqasi koreys millatiga mansub Natalya Fen ekani ma’lum.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, Yunusov suiqasd buyurtmachisi va ijrochilar o‘rtasida vositachilik qilgan bo‘lishi mumkin.

U muqaddam O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168 («Firibgarlik») va 105 («Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish») moddalari bo‘yicha bir necha bor sudlangan.

Ochiq reyestrdagi hujjatlarda Javlon Yunusov Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan jami 18 ta kompaniya ta’sischisi ekanini ko‘rish mumkin. Hozirda Yunusovga tegishli 15 ta kompaniya faoliyat ko‘rsatayotgani va ularning ayrimlari farmatsevtika bilan bog‘liq ekani ma’lum.

Yunusov biznesi rang-barang bo‘lib, qurilish, donli ekinlar yetishtirish, binolarni ijaraga berish kabi o‘ndan ziyod yo‘nalishni o‘z ichiga olgan. U Janubiy Koreyada hibsga olingach, Toshkentdagi bizneslariga reydlar o‘tkazilgani aytilmoqda.

Iste’folar to‘lqini

Shu kunlarda davlat idoralarining yuqori lavozimlarida ham qator iste’folar kuzatildi. Bir necha kun avval O‘zbekistondagi bosh xavfsizlik idorasi DXX raisi Abdusalom Azizov ishdan ketgan va Kun.uz manbalari bu shov-shuvli iste’fo sabablaridan biri aynan Allamjonovga suiqasd ekanini aytgandi.

Shu kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ham qator istef’olar kuzaildi. Xususan, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i Ahror Adhamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev hamda Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Temur Sobirov ham ishdan olingan.

Kun.uz manbasi bu iste’folar ham Allamjonovga suiqasd ishi bilan bog‘liq ekanini tasdiqlagan.

Bosh vazir qabulxonasi mudiri lavozimida ishlab kelgan Sarvar Ashurov ham shu kunlarda ishdan ketgan. Uning DXX ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlaydigan akasi polkovnik Alijon Ashurov ham ishdan olingan. Ular Allamjonovga suiqasd ishini fosh etishda to‘sqinlik qilgan bo‘lishi mumkin.

Shov-shuvli suiqasd

26 oktyabr kuni soat 01:40 atrofida Komil Allamjonov haydovchisi bilan birga Range Rover rusumli avtomobilida uyiga ketayotganda Qibray tumanidagi Ifor ko‘chasida ikki noma’lum shaxs ulovga o‘qqa tutadi. Suiqasd natijasida hech kim jabrlanmaydi.

Bosh prokuratura ertasi kuniyoq bu borada rasmiy ma’lumot berib, ikki gumondor qo‘lga olinganini xabar qilgandi. Shundan keyin ish bo‘yicha hech qanday tafsilotlar ma’lum qilinmayotgandi.

Komil Allamjonov O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi, prezidenti ma’muriyatida axborot siyosatiga mas’ul shaxs sifatida ishlagan. Shavkat Mirziyoyev ma’muriyatida yuqori martabali mulozimlardan biri edi. Suiqasddan oldinroq Allamjonov ishdan ketgan va xususiy sektorda faoliyatini davom ettirishini aytgandi.

Unga uyushtirilgan suiqasd zamonaviy O‘zbekiston siyosatida kuzatilmagan holat bo‘lib, hozirgacha biror amaldagi yoki sobiq mulozimni o‘ldirishga urinish haqida rasmiy xabar berilmagan.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid