Jahon | 18:24 / 28.11.2024
1912
3 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: AQShda Microsoftʼga nisbatan keng ko‘lamli tergov boshlandi

Federal savdo komissiyasi kompaniya faoliyatining barcha yo‘nalishlarini o‘rganadi. Amerika regulyatori Microsoftʼning bulutli hisoblash biznesini o‘z mahsulotlari kiberxavfsizligi bilan bog‘liq bir qator hodisalardan so‘ng diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Foto: Bloomberg

AQShda Microsoft kompaniyasiga nisbatan keng ko‘lamli antimonopoliya tergovi boshlandi, deb xabar beradi Bloomberg. Federal savdo komissiyasi (FTC) kompaniya faoliyatining barcha — bulutli hisoblash tizimi va dasturiy ta’minotdan boshlab, kiberxavfsizlik va SI-mahsulotlarigacha bo‘lgan yo‘nalishlarini o‘rganadi.

Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, FTC Microsoftʼga ming varaqdan iborat talablarini yo‘llagan. Ta’kidlanishicha, Amerika regulyatori Microsoftʼning bulutli hisoblash biznesini o‘z mahsulotlari kiberxavfsizligi bilan bog‘liq bir qator hodisalardan so‘ng diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Kompaniya yetakchi davlat pudratchisi bo‘lib, AQSh agentliklari, jumladan, Mudofaa vazirligiga milliardlab dollarlik dasturiy ta’minot va bulutli xizmatlarini taqdim etadi. Regulyator so‘rovidan xabardor suhbatdoshlardan birining aytishicha, yangi tergovda asosiy e’tibor korporatsiya o‘zining mashhur ofis va xavfsizlik dasturlarini bulutli servisda qanday birlashtirishiga qaratiladi. Microsoft va FTC holat bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan.

FTC yuristlari, shuningdek, keyingi hafta Microsoftʼning raqobatchilar bilan uchrashib, kompaniyaning ish amaliyoti to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot to‘plash niyatida.

Yanvar oyida FTC OpenAI, Microsoft, Alphabet, Amazon va Anthropic’ka qarshi tergov boshlaganini e’lon qilgandi. O‘shanda komissiya ulardan investitsiyalar va sun’iy intellektga bog‘liq kompaniyalar bilan sherikliklariga oid ma’lumotlarni talab qilgan.

Avvalroq Microsoft kompaniyasi Googleʼni o‘zining regulyator va siyosatchilar oldidagi pozitsiyasini buzishga yo‘naltirilgan «yashirin kampaniya» uyushtirganlikda ayblagandi. Microsoft hisob-kitoblariga ko‘ra, Googleʼga qarshi kamida 24 ta antimonopoliya tergovi olib borilmoqda. Alaylining fikricha, Googleʼning ikkita asosiy maqsadi bor: Microsoftʼni yomonlash orqali nazorat qiluvchi organlar e’tiborini chalg‘itish, shuningdek, o‘z yutuqlari asosida raqobatga kirishmasdan, tartibga solish landshaftini bulutli servislari foydasiga burib yuborish.

Mavzuga oid