Putin Qozog‘istonga kelib, To‘qayev bilan uchrashdi – asosiy kelishuvlar haqida
Qozog‘iston prezidenti Rossiya prezidenti davlat tashrifini Qozog‘iston-Rossiya munosabatlari rivojida muhim bosqich bo‘lgan tarixiy voqea deb atadi. Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan bordi. U mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan muzokaralar o‘tkazdi.
27 noyabr kuni ular Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Rossiya-Qozog‘iston muzokaralari yakunlari bo‘yicha matbuot vakillari oldida chiqish qildi.
Rossiya prezidenti qozog‘istonlik hamkasbiga mamlakatda rus tiliga berilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
«Biz Qozog‘istonda rus tili keng va erkin qo‘llanilishini yuksak qadrlaymiz, buni respublika rahbariyati qizg‘in qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘ryapmiz va Qozog‘iston prezidentidan rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzish tashabbusi uchun minnatdormiz. Ishonchim komilki, uning faoliyati davlatlararo va millatlararo aloqa vositasi sifatida uni qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilishga hissa qo‘shadi», dedi Putin.
Rossiya Qozog‘istonda rus tilida o‘qitiladigan yangi maktablar qurish va umuman rus tilida ta’lim sifatini oshirishda yordam bermoqda, deb qo‘shimcha qildi u. Rossiya yaqin orada Qozog‘istonda yana uchta shunday maktab ochishni rejalashtirmoqda.
Rossiya prezidenti, shuningdek, yaqin kelajakda Ostona shahrida To‘qayevning o‘zi bitiruvchisi bo‘lgan Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining (MGIMO) filiali ochilishini eslatdi. Rossiya oliygohlarida 60 mingga yaqin qozog‘istonlik talaba ta’lim olyapti, dedi To‘qayev.
Qozog‘iston prezidenti Rossiya prezidenti davlat tashrifini Qozog‘iston-Rossiya munosabatlari rivojida muhim bosqich bo‘lgan tarixiy voqea deb atadi.
«Qozog‘iston uchun Rossiya strategik sherik va ishonchli ittifoqchi hisoblanadi. Bizni buzilmas do‘stlik rishtalari, ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik va umumiy tarix birlashtirib turadi. Ana shu mustahkam qadriyatlarga asoslanib, davlatlarimiz kelajakka mo‘ljallangan mazmunli munosabatlarni o‘rnatdi. Qozog‘iston-Rossiya hamkorligi o‘zaro hamkorlikning deyarli barcha asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan holda misli ko‘rilmagan yuksalishga erishdi. Siyosiy muloqot izchil rivojlanib, savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda, madaniy-gumanitar aloqalar faollashmoqda. Bugun tor va kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar samaradorlik, samimiylik bilan ajralib turdi va chinakam samarali bo‘ldi», dedi Qosim-Jo‘mart To‘qayev.
To‘qayevning aytishicha, Vladimir Putin bilan muzokaralar chog‘ida ikkitomonlama kun tartibidagi keng ko‘lamli dolzarb masalalar muhokama qilingan va Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab berilgan.
Qozog‘iston prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Qozog‘istonning asosiy savdo hamkorlaridan bo‘lib, uning iqtisodiyotiga sarmoya kiritayotgan yetakchi uchlikdan biridir. To‘qayev sanoat sohasida erishilgan yutuqlarga to‘xtalib o‘tdi: umumiy qiymati 18 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 93 ta qo‘shma loyiha ishga tushirildi. Ayni paytda jami qariyb 30 milliard dollarlik sarmoyaga ega yana 49 loyiha amalga oshirilmoqda.
Muzokaralar yakunida Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Vladimir Putin yangi global tartib sharoitida strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha Qo‘shma bayonotni qabul qildi. Hujjat uch blokka bo‘lingan: siyosat, iqtisod va madaniyat. Unda qayd qilinishicha, har ikki davlat yangi geosiyosiy voqelikka moslashishda ikkitomonlama hamkorlikning alohida rolini tushunadi, bu esa, o‘z navbatida, «Yevrosiyo makonida xavfsizlik tizimini yanada mustahkamlash zarurligini tasdiqlaydi».
Rossiya va Qozog‘iston asosiy xalqaro va mintaqaviy muammolar bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini o‘zlari a’zo bo‘lgan birlashmalar: KXShT, MDH, ShHT va boshqa tashkilotlar orqali muvofiqlashtirish niyatida.
Bundan tashqari, tomonlar MDH – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligini «eng keng ko‘lamli sohalardagi hamkorlikning samarali mexanizmi sifatida baholaydi va ushbu formatdagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish tarafdori». Shuningdek, ular Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) salohiyati va xalqaro rolini rivojlantirish niyatida.
Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga (KXShT) kelsak, bayonotda ta’kidlanganidek, tomonlar «tinchlikni saqlash operatsiyalarini o‘tkazish va KXShT mas’uliyati doirasidagi inqirozli vaziyatlarga javob berish bo‘yicha jamoaviy harakatlar imkoniyatlarini yuqori baholaydi».
Prezidentlar, shuningdek, «jamoat va rasmiy shaxslarning o‘zaro ishonch va ikki davlat suverenitetini hurmat qilish ruhiga zid bo‘lgan mas’uliyatsiz bayonotlarini» qoralab, «terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashda yaqin aloqalarni saqlab qolish, maxsus xizmatlar orqali tezkor va boshqa ma’lumotlarni almashishga» kelishib oldi.
Bayonotning iqtisodiy blokida tomonlar milliy valutalarda o‘zaro bitimlar ulushi ortganini olqishlashi hamda davlatlarning immunitetlari va ularning mulki, jumladan, suveren zaxiralari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga qat’iy rioya etilishini tasdiqlashlari qayd etilgan.
Ushbu blokning salmoqli qismi ikki davlat o‘rtasidagi energetika sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan. Unda, xususan, 2023 yil oktyabr oyida boshlangan «Markaziy Osiyo – Markaz» gaz quvuri bilan Qozog‘iston hududi orqali Rossiya tabiiy gazini yetkazib berish, shuningdek, Rossiya tomonidan Qozog‘istonda uchta issiqlik elektr stansiyasini qurish to‘g‘risidagi kelishuv qayd etilgan.
Transport koridorlarini rivojlantirish alohida qayd etilgan. «Shimol-Janub» xalqaro yo‘nalishidagi loyihalar shular jumlasidandir.
Tomonlar, shuningdek, «Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston – Hind okeani portlari» transport yo‘lagi loyihasini (bu borada 2023 yilning noyabr oyida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan) tez amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishga kelishib oldi.
Koinotni birgalikda tadqiq qilishni davom ettirish, shuningdek, «korrupsiyaga qarshi kurash sohasida, jumladan, noqonuniy yo‘l bilan olingan aktivlarni qaytarish va o‘zaro ma’lumot almashish bo‘yicha kompleks ishlarni» davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bayonotning ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarga bag‘ishlangan uchinchi qismida rahbarlar boshqa narsalar qatori, II Jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar o‘tkazishga kelishib oldi.
Mavzuga oid
23:10
Rossiya Qozog‘istonda 7 mln dollarlik firibgarlik ishida ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosini ekstraditsiya qildi
17:57
Qozog‘istonda yo‘lda buzilib qolgan avtobusdan o‘zbekistonliklar qutqarildi
14:14
Kremlda Putin va Slovakiya bosh vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
10:43