Rossiya ARD'ning ikki jurnalistini mamlakatdan chiqarib yuboryapti
Germaniyaning ARD media-guruhining ikki jurnalisti Rossiyada akkreditatsiyadan mahrum qilindi. Ularga mamlakatni tark etishga buyruq berildi.
Rossiya Birinchi kanal muxbirlari «Germaniyada qolishi va ishlashi taqiqlangani»ga javoban Germaniyaning ARD media-guruhi ikki jurnalistini chiqarib yubormoqda. Bu haqda 27 noyabr, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
«Germaniyalik muxbirlarga Berlinning rossiyalik muxbirlarga nisbatan qo‘llangan nodo‘stona harakatlariga javoban, ko‘zgu chorasi sifatida akkreditatsiya guvohnomalarini topshirish va Rossiya Federatsiyasi hududini tark etishga buyruq berildi», dedi Zaxarova. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap muxbir Frank Ayshman va operator Sven Feller haqida ketyapti.
Zaxarova Rossiya yangi ARD xodimlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor bo‘lishini qo‘shimcha qildi, «lekin bu Germaniya hukumati rossiyalik jurnalistlarning ishlashi uchun shart-sharoit yaratganidan va Birinchi kanalning Berlindagi byurosi faoliyatini to‘liq tiklaganidan keyingina yuz beradi».
Shu kuni ertalab Birinchi kanal jurnalistlari «Germaniya rasmiylarining mamlakatni tark etish talabi» haqida ma’lum qilishdi. Ular tegishli hujjatni 26 noyabr kuni oldilar, deb xabar qildi TASS Rossiya davlat agentligi chorshanba kuni muxbir Ivan Blagoyning bayonotiga tayanib. Shu bilan birga, agentlik «Birinchi kanalning Germaniya byurosi yopilishi» haqida yozdi.
GFR rasmiylari RF jurnalistlariga mamlakatni tark etishni buyurmagan
Germaniya federal hukumati Rossiyaning Birinchi kanali xodimlariga mamlakatni tark etishni buyurmadi va ularning kasbiy faoliyatini cheklamadi, dedi Germaniya tashqi ishlar vazirligi vakili Kristian Vagner 27 noyabr kuni Berlindagi hukumat matbuot anjumanida. U Berlin shahar hokimiyati darajasida migratsiya nazorati organlarining Birinchi kanal xodimlariga qarshi da’volari bor bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi, ammo federal hokimiyat Birinchi kanal xodimlariga qarshi hech qanday ogohlantirish bermaganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar ARD teleradiokompaniyasining ikki xodimi Rossiya Federatsiyasidan chiqarib yuborilgani haqidagi xabarlar tasdiqlansa, Germaniya TIV Rossiya rasmiylarining bu qarorini keskin qoralaydi, chunki bu hech qanday tarzda adekvat javob emas.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:16 / 24.12.2024
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
20:13 / 24.12.2024
Rossiyada jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan farzandlari vatanga qaytarildi
18:22 / 24.12.2024