Bloger Farhod Mannopovning vafotida ikki shifokor aybli deb topildi
Uchtepa tuman sudi “Star Med Center” klinikasida LOR va anesteziolog-reanimatolog bo‘lib ishlagan ikki shifokorni kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan deb topib, ularga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
Bugun, 29 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida bloger Farhod Mannopovning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Hukm ikki nafar ayblanuvchiga taalluqli:
- A.X. – erkak, 1981 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, “Omad Plyus” MChJga qarashli “Star Med Center” xususiy klinikasida otolaringolog vazifasida ishlagan, munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan;
- J.Q. – erkak, 1979 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, “Omad Plyus” MChJga qarashli “Star Med Center” xususiy klinikasida anesteziolog-reanimatolog vazifasida ishlagan, uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Sud A.X. va J.Q.ni Jinoyat kodeksining 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topib, ayblovning bu qismi yuzasidan sudlanuvchilarni oqladi.
Shu bilan birga, A.X. va J.Q. Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 2 yil tibbiyot sohasida tegishliligi bo‘yicha LOR va anesteziolog-reanimatolog vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
J.Q.ga Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida o‘tash uchun 2 yil tibbiyot sohasida anesteziolog-reanimatolog shifokor vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil 6 oy 27 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirilishi belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan qonunda belgilangan tartib va muddatda shikoyat va protest kiritilishi mumkin.
- “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov 2023 yil 5 mart kuni, 27 yoshida vafot etgan edi. U basseynda suzayotib boshi va burnidan jarohat olgan, shu sabab burnini operatsiya qildirish maqsadida Toshkentdagi “Star Med Center” xususiy klinikasiga murojaat qilgan, ammo operatsiya jarayonida koma holatiga tushib, o‘ziga kelmagan.
- Jinoyat ishi 2023 yil sentabr oyida sudga oshirilgan edi. 2023 yil oktyabrida, marhumning yaqinlari iltimosi bilan, sud jarayonning OAVda yoritilishini taqiqlagan edi.
Mavzuga oid
11:45 / 06.12.2024
Lordan stomatologga: tish davolatishga kelgan bemor shifokor shilqimligiga uchradi
19:11 / 05.12.2024
“Bitta brigada kuniga 25 tagacha chaqiriqqa chiqyapti” - Tez yordam qishda qanday ishlayapti?
18:33 / 26.11.2024
“Judayam murakkab savol” - Qo‘chqorov tibbiyot xodimlarining maoshi haqida
20:10 / 24.10.2023