O‘zbekiston | 01:21 / 01.12.2024
37630
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarolari noma’lum sabablarga ko‘ra BAA hududiga kiritilmayapti 

Toshkent-Abu-Dabi yo‘nalishi bo‘yicha Wizz Air aviaqatnovi orqali uchib borgan 31 nafar O‘zbekiston fuqarosi noma’lum sabablarga ko‘ra amirliklar hududiga kiritilmagan. Elchixona holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Foto: arabianbusiness.com

O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi O‘zbekiston fuqarolari amirliklar hududiga kiritilmayotgani yuzasidan ma’lumot berdi.

Joriy yil 30 noyabr kuni Abu Dabi shahridagi Shayx Zoid nomidagi xalqaro aeroportga Toshkent—Abu-Dabi yo‘nalishi bo‘yicha Wizz Air aviaqatnovi orqali uchib kelgan 31 nafar O‘zbekiston fuqarosi noma’lum sabablarga ko‘ra amirliklar hududiga kiritilmagan.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Abu Dabidagi elchixonasi va Dubaydagi Bosh konsulxonasi mazkur aeroport ma’muriyati hamda amirliklarning mutasaddi idoralari vakillari bilan muloqotda bo‘lib, vaziyatni nazoratga olgan.

«Aeroport ma’muriyati bilan hamkorlikda hamyurtlarimizni uch mahal ovqat bilan ta’minlash hamda ularga zarur hollarda tibbiy yordam ko‘rsatish choralari tashkil etildi. Yuzaga kelgan vaziyatni hal etish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda», — deyiladi xabarda.

Gazeta.uz nashri suhbatlashgan Shayx Zoid aeroportidagi fuqarolardan birining aytishicha, ayollar, bolalar va keksalar qo‘yib yuborilgan, 20 dan 40 yoshgacha bo‘lgan erkaklar mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin. Ularning hech biriga bu kabi harakatlar nima sababdan amalga oshirilayotgani yuzasidan izoh berilmagan. 

«Uchib kelishimiz bilan pasport nazoratida bizni shunchaki chetga tortib, hech qanday tushuntirishlarsiz pasportlarimizni olib qo‘yishni boshlashdi. Biz qandaydir ma’lumot berishlarini kutib o‘tirdik. Keyin birma-bir chaqirib, nima maqsadda, qancha kunga kelganimizni so‘ray boshlashdi, telefon raqamlarimizni olishdi va savollarimizga javob bermagan holda yana ortga chiqarib yuborishdi. Shunday qilib, 15 soat o‘tirdik», — deydi nashr suhbatdoshlaridan biri.

Mavzuga oid