O‘zbekiston | 11:17 / 07.12.2024
282279
2 daqiqa o‘qiladi

Halima Ibragimova vafot etdi

Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. 

Aktrisa Halima Ibragimova hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda "Mirzo teatri"ga yaqin manba bilan bog‘langan Kun.uz muxbiri xabar berdi.

"Mirzo teatri"dagi manba aktrisa vafot etgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni tasdiqladi. O‘lim sabablari haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Halima Ibragimova bir necha oylik tanaffusdan keyin so‘nggi bor 25 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinish berib, og‘ir betob bo‘lgani haqida aytgandi.

«Issiq jonmiz, bilib bo‘lmaydi. Ozgina sog‘lig‘imda muammo bo‘lib, chiqa olmay qolgandim. Hozir ancha yaxshiman, davolanish ishlari davom etmoqda. Yaqin kunlarda «Mirzo» teatrining konserti, u yerda rol ijro etishim kerak», degandi aktrisa.

Halima Ibragimova 1979 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat san’at instituti drama aktyorligi bo‘limida tahsil olgan.

U ko‘p yillar davomida Mirzabek Xolmedov boshchiligidagi teatr-studiyada ishlagan. Shuningdek, kinofilmlarda turli rollarni ijro etgan.

Ikki farzand onasi edi.

Tahririyat aktrisaning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi.

Mavzuga oid