Jahon | 17:52 / 07.12.2024
5145
4 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti AQSh va Yevropani «Tolibon»ni tan olishga chaqirdi

Sadir Japarov Afg‘onistonni butun dunyodan ajratib qo‘yish muammoni hal qilmasligiga, aksincha, «mavjud vaziyat qancha uzoq davom etsa, afg‘on xalqi shunchalik og‘ir kunlarni boshdan kechirishi»ga e’tibor qaratdi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Yevropa davlatlari va Qo‘shma Shtatlarni Afg‘onistonning amaldagi «Tolibon» hukumatini tan olishga va «muzlatilgan» aktivlarni qaytarishga chaqirdi.

«2021 yilda Afg‘onistonda «Tolibon» harakati yetakchilari hokimiyat tepasiga keldi. Ular bugungi kungacha mamlakatni boshqarishda davom etmoqda. Biz istaymizmi yoki yo‘qmi, fakt o‘zgarishsiz qolmoqda – mamlakatni «Tolibon» boshqaradi. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Bir qator davlatlar, jumladan biz ham «Tolibon»ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi», dedi Japarov.

Japarovning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston va Afg‘oniston umumiy chegaraga ega emas, ammo qo‘shni davlat bilan chegeradosh. Shuning uchun u yerdagi vaziyatning yomonlashuvi Qirg‘izistonni ma’lum darajada xavotirga soladi.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelganidan keyin ma’lum vaqt o‘tgach, Bishkek afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish maqsadida ular bilan aloqa o‘rnatgan va Afg‘onistonga bir necha bor gumanitar yordam jo‘natgan.

«Yana ta’kidlaganimdek, Afg‘onistondagi vaziyatning yanada keskinlashishi mintaqamizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun Afg‘onistonning amaldagi hukumati bilan hamkorlik qilayotganimizni yashirmaymiz. Qo‘ldan kelgancha yordam beramiz. Albatta, bu yetarli emas, agar «Tolibon» kuchsiz bo‘lganida, afg‘on xalqi ularni allaqachon hokimiyatdan ag‘dargan bo‘lardi. Oradan uch yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Yaxshimi yoki yomonmi, ular ishlayapti. Xalq ularni qo‘llab-quvvatlamoqda», dedi Japarov.

Prezident Afg‘onistonni butun dunyodan ajratib qo‘yish muammoni hal qilmasligiga, aksincha, «mavjud vaziyat qancha uzoq davom etsa, afg‘on xalqi shunchalik og‘ir kunlarni boshdan kechirishi»ga e’tibor qaratdi.

Japarovning eslatishicha, 2021 yil yozida «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelganida, Afg‘oniston Markaziy bankining xorijdagi 9,4 milliard dollarlik aktivlari G‘arb davlatlari tomonidan «muzlatilgan».

«Shundan qariyb 7 milliard dollari Qo‘shma Shtatlarda muzlatilgan. Afg‘onistondagi vaziyat va afg‘on xalqi farovonligini yaxshilash uchun bu mablag‘lar imkon qadar tezroq qaytarilishi kerak, deb hisoblayman», dedi u.

«Shuning uchun fursatdan foydalanib, Yevropa davlatlari rahbarlari va AQSh rahbariyatini Afg‘onistonning amaldagi hukumatini tan olishga va Afg‘oniston xalqining kelajagi uchun «muzlatilgan» mablag‘larni qaytarishga chaqiraman Dastlabki bosqichda Afg‘oniston rahbariyati bir yoki ikki Yevropa davlatini amaliy tashrifga taklif qilishi mumkin. Ular shunday rivojlangan davlatlarga borib, dunyoning turli burchaklarida odamlar qanday yashayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, bu ularning davlat boshqaruvidagi tajribasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar biz ularni izolyatsiya qilishda davom etsak, bu 50 yildan keyin ham ijobiy natija bermaydi», dedi Japarov.

Mavzuga oid