Jahon | 17:29 / 09.12.2024
6732
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya prezidentiga mamlakatdan chiqish taqiqlandi

Prezident Yun Sok Yol davlatga xiyonat va hokimiyatni suiiste’mol qilishda ayblanmoqda. Politsiya uning so‘roq qilinishi mumkinligini istisno etmadi.

Foto: AP

Janubiy Koreya Adliya vazirligi prezident Yun Sok Yolning mamlakatni tark etishi taqiqlanganini ma’lum qildi, deb xabar beradi Yonhap agentligi.

Qayd etilishicha, vazirlikka taqiq bo‘yicha ariza Janubiy Koreya Korrupsiyaga qarshi tergov boshqarmasi tomonidan kiritilgan. Boshqarma bosh prokurori O Don Un parlament eshituvida tergovchilarga yaqinda joriy etilgan harbiy holat sabab prezidentning mamlakatdan chiqishini taqiqlashga erishishni topshirganini ma’lum qilgan.

Janubiy Koreya politsiyasi, shuningdek, 4 dekabr kuni joriy etilgan harbiy holat bo‘yicha «isyon ishi»da tergov o‘tkazilayotgani bois prezidentning safarlariga ham taqiq qo‘yish masalasini ko‘rib chiqyapti. Bundan tashqari, Yun Sok Yol davlatga xiyonat va hokimiyatni suiiste’mol qilishda ayblanmoqda. Politsiya uning so‘roq qilinishi mumkinligini istisno etmadi.

7 dekabr kuni Janubiy Koreyaning hukmron «Xalq hokimiyati» partiyasi a’zolari Milliy assambleyada prezident Yun Sok Yolga impichment e’lon qilish taklifi bo‘yicha ovoz berish jarayonini boykot qilib, zalni tark etgandi. Prezidentga impichment to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun deputatlarning 200 ta ovozini to‘plash kerak, bu parlament a’zolari umumiy sonining 2/3 qismini tashkil qiladi. Milliy assambleyadagi 300 o‘rindan 192 tasiga ega bo‘lgan muxolifat bloki ko‘pchilikni qo‘lga kiritish uchun hukmron «Xalq hokimiyati» partiyasidan kamida 8 deputatning qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj edi.

8 dekabr kuni Janubiy Koreya sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon mamlakatda harbiy holat joriy etilishidagi ishtiroki uchun hibsga olindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan mudofaa vaziri prezident Yun Sok Yolga harbiy holatni joriy etish taklifini bergan.

Mavzuga oid