“Jarrohning o‘z qabristoni bor” - kardiojarroh hikoyasi
Ozodbek Mo‘ydinov Farg‘ona viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi kardiojarrohlik bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi. U ayni paytda yurak kasalliklari bilan og‘rigan bolalarni jarrohlik yo‘li bilan davolab kelmoqda. Shifokor Kun.uz muxbiri bilan suhbatda operatsiya jarayonining murakkab tomonlari, bolalarda uchrayotgan kasalliklar, sohaning bugungi kundagi holati haqida so‘zlab berdi.
“Shifokorlik sohasiga, ayniqsa, xirurgiyaga qiziqish bolalikdan boshlandi. Yurak jarrohligi bo‘yicha institutga kirdik...
Yo‘nalishim bo‘yicha Rossiyada tahsil oldim, Belarus va ko‘proq Ukraina davlatlarida ham bo‘ldim. Tajriba orttirib yurtimizga qaytib keldim va endi Farg‘onadaman.
Chet elda yurgan ko‘plab vatandoshlarimizni yurtga chaqirib birga ishlash taklifini berdim, lekin ular negadir qaytishmadi...
Ilk operatsiyani assistentlar bilan 2017 yilda boshlaganmiz; qo‘rquv bo‘lgan, albatta. Yurak operatsiyasini kichik tirqish orqali, ya’ni yurakni to‘xtatmasdan qilganmiz o‘shanda.
Xirurgiya sohasida, agar qo‘rquv bo‘lsa, bir narsaga erisha olmaysiz. Umrimizning to‘qson foizi shifoxonada o‘tadi. Ko‘p shifokorlar o‘z oilasiga juda kam vaqt ajratadi, chunki ota-onalar bolalarini bizga ishonib topshiradi. Ularning ishonchini oqlashimiz shart. Agar bu ishonchni suiiste’mol qilsak, bundan yomoni yo‘q. Bolajonlarimizning dardiga malham bo‘lolmaymiz.
Shifokor mas’uliyati alohida mavzu. Operatsiyani qilib bo‘lib, “bo‘ldi, ketdi endi” deyish bu xiyonat. Ko‘chada temir yoki mashina bo‘lsa, urib yuborsangiz, yangi mashina olib berasiz, lekin insonni hayotga qaytarish juda mushkul. Xirurgning qahri qattiq deyishadi. To‘g‘ri, qahri qattiq bo‘lishi kerak, chunki ko‘p narsani ko‘ngliga oladigan bo‘lsa, jarroh ham kasal bo‘lib qoladi yoki boshqa narsalarga berilib ketadi.
Otam ko‘p gapiradilar: “Hamma narsa Allohdan, peshonasiga nima yozilgan bo‘lsa, o‘shani ko‘radi.” Har operatsiyaga kirganimda “Bismilloh”ni aytib, Allohga tavakkal qilaman. Ishimning rivojini bergin, bolajonimizni eson-omon ota-onasi bag‘riga yaxshi holatda qaytarishimga yordam ber”, deb boshlayman.
Ish jarayoni har xil tugashi mumkin. Bo‘lishi mumkin yo‘qotishlar, endi bu jarayonni aytib beradigan bo‘lsam juda qiyin.
Har bir jarrohning o‘z qabristoni bo‘ladi, deyishadi qo‘pol qilib aytganda. Bizniki ham bor, boshqa doktorlarniki ham bor. Operatsiya jarayoni bola holatiga qarab har xil tugashi mumkin. Bola nobud bo‘lgandan keyin ota-onaga bu haqda aytish azob, qiynalamiz. Lekin shunday ota-onalar borki, farzandni Alloh berdi bizga, jon uka, yo jon doktor, yana o‘zi oldi deb dalda berishadi. Yig‘lagan kunlarimiz ko‘p bo‘ladi.
Doktor hech qachon yomon natija bilan tugasin deb operatsiya qilmaydi. Ota-onalar qilayotgan mehnatimizni ko‘rib turib rahmat aytishadi. Har kim xato qilish imkoniga ega, lekin shifokor xatosi qimmatga tushadi.
Men ham otaman. Farzandlarim borligini hisobga olib, ota-onalarning og‘ir holatlarini tasavvur qilish qiyin. O‘z farzandimning kichik jarohati ham menda og‘riq keltiradi.
Bu kasbda stress ko‘p. Bu jarayonda mehnat qilayotganimizni ko‘pchilik tushunmaydi. Jarroh har tomonlama kuchli bo‘lishi lozim. Kerak bo‘lsa qahringiz qattiq bo‘lishi kerak va tezlik, bilim juda muhim. Tez ishlamasangiz, vaqtdan yutqazib qo‘yasiz. Chunki jarrohlik amaliyotida yurakni vaqtincha to‘xtatib qo‘yganingizda ma’lum bir vaqtlargacha yurak to‘xtaydi. Yurakning to‘xtab turishi kasal uchun har bir daqiqasi juda katta jarohat hisoblanadi. Ishga zehn, idrok va mehr bilan yondashish juda muhim.
Tezlik bilan harakat qilsangizgina, kasalni uyg‘otishga, tezroq jonlantirishga imkon tug‘iladi. Tezlik, ilm, mehr – bu narsalar hammasi mujassam bo‘lsa, qilayotgan ishlaringizni amallaysiz. Natija bo‘ladi. Bu birgina menga emas, jamoamning tezligiga ham bog‘liq.
Murakkab operatsiyalar hozirgi kunga kelib viloyatning o‘zida qilinyapti. Hatto boshqa chet ellarda qilinmayotgan murakkab operatsiyalar ham amalga oshirilyapti. Kundan kunga ustimizda ishlayapmiz, izlanyapmiz”, — deydi kardiojarroh Ozodbek Mo‘ydinov.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov
Mavzuga oid
17:54 / 17.12.2024
Farg‘ona viloyatida Umra ziyoratini noqonuniy tashkil etish bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi
23:01 / 27.11.2024
Farg‘onada 750 mln so‘mlik iPhone telefonlarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi
12:39 / 12.11.2024
Farg‘onada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mansabdorning o‘zi korrupsiya bilan qo‘lga tushdi
13:10 / 10.11.2024