O‘zbekiston | 18:54 / 10.12.2024
14196
1 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda 1 mlrd so‘mlik qalbaki pul sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Tergovga qadar tekshiruv davomida 200 ming, 100 ming va 20 ming so‘mlik kupyura ko‘rinishidagi qalbaki banknotlar purkagichli printer yordamida chop etilgani ma’lum bo‘lgan.

Foto: O‘zA

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1980, 1983 va 1989 yilda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, qalbaki 998 mln 740 ming so‘m pulni Jizzax viloyatida 27200 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd qilinishicha, tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur shaxslardan olingan 200 ming, 100 ming va 20 ming so‘mlik kupyura ko‘rinishidagi qalbaki banknotlar purkagichli printer yordamida chop etilgani ma’lum bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, qonunbuzarlarning 2 nafari muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.

Hozir ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid