Iqtisodiyot | 09:55 / 11.12.2024
2465
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ichki bozorda 300 ming tonnagacha misni qayta ishlashni mo‘ljallamoqda

O‘zbekiston ichki bozorda yiliga 300 ming tonnagacha misni qayta ishlashni rejalashtirmoqda. 

O‘zbekiston ichki bozorda 300 ming tonnagacha misni qayta ishlashni rejalashtirmoqda, shu maqsadda ushbu metalldan mahsulot ishlab chiqaruvchi klasterlar, texnoparklar va qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tog‘-kon sanoati» xalqaro kongressida tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov ma’lum qildi.

Vazir o‘rinbosari ana shunday loyihalardan biri Toshkent viloyatidagi Ohangaron mis klasteri ekanini aytdi. Uning negizida yarimo‘tkazgichlar, mikroelektron qismlar va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega boshqa mahsulotlarni bosqichma-bosqich ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu loyiha uchun xomashyo Olmaliq kon-metallurgiya kombinatidan (OKMK) yetkazib beriladigan mis hisoblanadi.

Iyunda OKMK 2031 yilga kelib mis ishlab chiqarishni so‘nggi yillardagi qariyb 150 ming tonnaga nisbatan 500 ming tonnagacha oshirish niyatida ekanini e’lon qilgandi. Ushbu davrda korxonani rivojlantirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar 15 milliard dollarni tashkil etadi.

Birinchi bosqichda (2021−2025) «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirish natijasida katodli mis ishlab chiqarish 300 ming tonnaga ko‘payishi kutilmoqda, ikkinchi bosqichda (2024−2028) — 400 ming tonnagacha, uchinchi bosqichda (2026−2030) — 500 ming tonnagacha.

Mavzuga oid