Bayden 39 kishini afv etib, 1500 mahbusning jazosini yengillashtirdi
AQSh prezidenti Jo Baydenning so‘zlariga ko‘ra, jazoning yengillashtirilishi pandemiya vaqtida uy qamog‘iga o‘tkazilgan va «oilasiga qayta qo‘shilib ketishga muvaffaq bo‘lgan» shaxslarga taalluqli.
AQSh prezidenti Jo Bayden 39 kishini afv etdi va uzoq muddatga qamalgan 1500 mahbusning qamoq jazosini yengillashtirdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
«Amerika imkoniyatlar va ikkinchi umid va’dasi asosida qurilgan. Mana, nima uchun bugun men reabilitatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan va o‘z jamiyatlarini yanada kuchli hamda xavfsizroq qilishga sodiqligini ko‘rsatgan 39 kishini afv etaman. Shuningdek, men uzoq muddatga hukm etilgan qariyb 1500 mahbusning qamoq jazosini yengillashtiraman — ularning aksariyati bugungi qonunlar, siyosat va amaliyotga mos holda ayblanganida yengilroq jazo olgan bo‘lardi», — deyiladi AQSh prezidenti bayonotida.
Baydenning so‘zlariga ko‘ra, jazoning yengillashtirilishi pandemiya vaqtida uy qamog‘iga o‘tkazilgan va «oilasiga qayta qo‘shilib ketishga muvaffaq bo‘lgan» shaxslarga taalluqli. Afv etish qarori esa zo‘ravonlik jinoyatini sodir etmaganlarga tegishli. Afv etilganlarning ismlari oshkor etilmagan.
Associated Press Baydenning qarorini zamonaviy tarixda bir kunda qabul qilingan eng yirik afv akti deb atamoqda. AP ma’lumotlariga ko‘ra, afv etilganlar orasida tabiiy ofatlar vaqtida tezkor chora ko‘rish guruhiga rahbarlik qilgan ayol, giyohvandlik vositalariga qaramlik bo‘yicha konsultant bo‘lib ishlagan cherkov ruhoniysi, molekulyar biologiya sohasidagi olim va qurolli kuchlar faxriysi ham bor.
Baydenning aytishicha, uning administratsiyasi kechirim so‘rovlarini ko‘rib chiqishda davom etadi va «yaqin haftalarda yanada ko‘proq qadamlarni tashlaydi».
Mavzuga oid
17:40
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
23:11 / 21.12.2024
AQSh prezidenti hukumat ishini moliyalashtirishni uzaytiruvchi qonunni imzoladi
20:35 / 21.12.2024