Jahon | 14:59 / 15.12.2024
58582
19 daqiqa o‘qiladi

KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?

SSSRni uzoq yillar boshqargan Stalinning bolalari boshqalar havas qiladigan darajada hayot kechirmagan. Ular yosh paytida onasidan ayriladi. Ota esa juda qattiqqo‘l edi. Keyinchalik, to‘ng‘ich o‘g‘il urushda nemislarga asir tushib, konslagerda halok bo‘ladi. Ikkinchi o‘g‘il ham otasining vafotidan so‘ng xor bo‘ladi. Qizi esa Amerikaga qochib ketadi.

1967 yil 6 mart kuni Amerikaning Moskvadagi elchisi Levellin Tompson AQSh davlat departamenti kotibi Din Raskdan maxfiy telegramma oladi.

Unda Iosif Stalinning qizi Svetlana Alliluyeva Amerikaning Hindistondagi elchixonasiga borgani va AQShdan siyosiy boshpana so‘ragani xabar qilingandi.

Xabarda Svetlananing Hindistonga kelgan sanasi va bir necha marta urinib AQSh elchixonasiga kirgani va hokazo tafsilotlar batafsil yozilgandi.

Elchi Tompson davlat kotibiga bu masalada ehtiyotkor bo‘lishni, sovetlar Svetlana o‘z ixtiyori bilan AQSh elchixonasiga borganini tan olmasligini va Amerika tomonini ayolni o‘g‘irlab ketganlikda ayblashini yozib yuboradi.

Amalda elchi haq bo‘lib chiqadi. Svetlana Alliluyevaning AQShdan siyosiy boshpana so‘ragani va okean ortiga yetib borgani ma’lum bo‘lgandan so‘ng sovetlar Amerika maxfiy xizmati xodimlari uni o‘g‘irlab ketganini aytib chiqadi.

Biroq o‘sha paytda AQShga borib joylashganiga uncha ko‘p bo‘lmagan Svetlana sovetlar yuziga yana bir “tarsaki tushiradi”.

U “Do‘stimga yigirmata maktub” nomli asarini chop ettiradi va kitobida nega okean ortiga o‘tib ketgani sharhlab, SSSRdagi ko‘plab ishlarni oshkor qiladi.

Kitob Amerikada bessellerga aylanadi. Xo‘sh, SSSRni chorak asrdan ziyod boshqargan hukmdorning qizi nega Amerikaga qochib ketgandi?

Hukmdorga aylangan o‘g‘ri

Jahonning yangi tarixida totalitar tuzum sifatida eslanadigan SSSRni 1922 yildan 1953 yilgacha 31 yil davomida Iosif Stalin boshqaradi.

Bu shaxs Tbilisi yaqinidagi Gori shaharchasida tug‘ilgan va Chor Rossiyasi davrida imperatorga qarshi bo‘lganlarni mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida o‘g‘riliklar qilib turgan. Hatto qo‘lga tushib, qamalib ham chiqqandi.

Stalin nafaqat SSSR, balki jahon tarixida eng yovuz va qonxo‘r shaxslar qatorida eslanadi. Axir uning hukmronlik yillarida millionlab odamlar o‘z uylaridan badarg‘a qilindi, qamaldi, o‘ldirildi...

Avvaliga “oq gvardiyachilar”ga qarshi kurash, kollektivlashtirish, keyin “mamlakatni yot unsurlardan tozalash”, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng “imperializm tarafdorlari” kabi ayblovlar bilan millionlab insonlar mahv etilgan.

Stalinning yovuz ishlarida 1938 yildan boshlab NKVDni boshqargan Lavrentiy Beriya asosiy tashkilotchi va ijrochi bo‘lgan. Aynan Beriyaning chaquvlari va tashabbuslari bilan ko‘plab insonlar qamalgan va o‘ldirilgan.

Stalin ikki marta uylangan. Birinchi xotini Yekaterina Svanidze bo‘lgan va undan Yakov ismli o‘g‘il farzand ko‘rgan. 1907 yilda Yekaterina vafot etadi.

Shundan so‘ng Stalin uzoq yillar davomida uylanmay yuradi. 1919 yilda Nadejda Alliluyevaga uylanadi. O‘sha paytda Stalin 41 yoshda, Nadejda 18 yoshda bo‘lgan.

Stalin va Nadejda ikki farzand ko‘rishadi. 1921 yilda Vasiliy, 1926 yilda Svetlana tug‘iladi. Stalin xotini va bolalariga nisbatan juda qattiqqo‘l bo‘lgan. Hatto xotinini tez-tez do‘pposlab turgan.

Stalin o‘g‘li Vasiliy va qizi Svetlana bilan, 1930-yillar

1932 yil 9 noyabr kuni Stalin hayotida noxush hodisa yuz beradi. Erining zug‘umlari va do‘pposlashlaridan to‘ygan Nadejda Alliluyeva o‘z joniga qasd qiladi. O‘shanda ayol bor-yo‘g‘i 31 yoshda edi. Shundan so‘ng Stalin umrining oxirigacha uylanmay o‘tadi.

O‘sha paytlarda mamlakatda Stalindan so‘ng ikkinchi mavqega ega bo‘lgan Vyacheslav Molotoning xotini Polina Jyemchujina Nadejda bilan yaqin dugona bo‘lgan.

Xotini o‘z joniga qasd qilgandan so‘ng Stalin Polina Jyemchujinani yomon ko‘rib qoladi. Biroq o‘sha paytda ham, ommaviy qatag‘onlar boshlangandan keyin ham ayolga indamaydi. Qonxo‘r dohiy payt poylardi.

Nihoyat 1948 yilda Stalin uzoq yillar kutgan kunlar keladi. O‘sha yili may oyida BMT rezolyutsiyasiga binoan Isroil davlati tashkil etiladi va arablar hamda yahudiylar orasida urush boshlanadi.

Shunda SSSRda faoliyat yurituvchi “Yahudiy antifashist qo‘mitasi” tashkiloti Isroil davlatini qo‘llab chiqadi. Bu ish Stalinni qattiq g‘azablantiradi.

Uning buyrug‘i bilan 1948 yil sentabrda SSSRda “Yahudiylar ishi” nomi bilan mashhur bo‘lgan qatag‘onlar to‘lqini boshlanadi.

Qatag‘on to‘rt yil davom etadi va mamlakatdagi ko‘zga ko‘ringan taniqli yahudiylardan 125 nafari hibsga olinadi. Ulardan 12 nafari otib tashlanadi. Qolganlari uzoq muddatlarga qamaladi.

Otib tashlanganlar orasida Qrimda yahudiy respublikasini tuzish tarafdori bo‘lgan Isaak Fefer, qamalganlar orasida Stalin o‘ch olishni xohlagan Polina Jyemchujina ham bor edi.

Mamlakatdagi taniqli shaxsning xotini bo‘lishiga qaramasdan Polina Jyemchujina 1948 yildan 1953 yilgacha qamoqda o‘tiradi va Stalin vafotidan so‘ng ozod qilinadi.

Stalin xotini Nadejda Alliluyeva bilan

Stalinning vafotidan so‘ng xor bo‘lgan farzandlar

Stalin bolalarining taqdiri silliq kechmaydi. To‘ng‘ich o‘g‘il Yakov urushda ishtirok etadi va nemislarga asir tushadi. 1943 yilda u harbiy asirlar lagerida vafot etadi.

Ikkinchi o‘g‘il Vasiliy otasi hukmronlik qilgan yillarda juda erkin yashagan va harbiy xizmatda general-leytenant unvonini olgan. Stalinning vafotidan so‘ng u tom ma’noda xor bo‘ladi.

Stalin vafotiga ikki hafta bo‘lganda Vasiliydan barcha unvonlarni tortib olib, harbiy xizmatdan bo‘shatib yuborishadi.

Oradan bir oy o‘tgach unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va sovet tuzumiga qarshi tashviqot olib borgani uchun 8 yilga qamaladi.

Qamoqxonada Vasiliy nogiron bo‘lib qoladi va 1960 yilda muddatidan avval ozod qilinadi. Oradan uch oy o‘tgach KGB uni yana hibsga oladi. Bir muddat qamoqda yotgach Vasiliyni yana ozod qilishadi. 1962 yil 19 mart kuni u 41 yoshida vafot etadi.

General-leytenant Vasiliy Stalin harbiy xizmatda

Svetlananing hayoti boshqacharoq kechadi. Otasining davrida u barcha imkoniyatlarga ega edi. Qiz hali balog‘atga yetmasdanoq sevgi munosabatlarini boshlagan va unga xushomad qilganlarning bir nechtasi hatto qamalgandi.

Jumladan, Svetlanaga xushomad qilib, yaqin aloqalarda bo‘lib yurgan rejissyor Aleksey Kapler uzoq yilga qamalgan va 1954 yilgacha GULag lagerlarida o‘tirgan.

O‘shanda Stalin qizi o‘zidan 23 yosh katta bo‘lgan rejissyor bilan yaqin aloqada bo‘lib yurganidan qattiq darg‘azab bo‘ladi va Alekseyni jazolashni buyuradi.

1944 yilda 18 yoshga kirgan Svetlana Grigoriy Morozovga turmushga chiqadi. Balog‘at yoshiga yetgani uchun bu safar Stalin uning bu qaroriga indamaydi.

1945 yilda ular o‘g‘il farzand ko‘rishadi. Biroq bu turmush uzoqqa cho‘zilmaydi va 1948 yilda ular ajrashib ketishadi. 1949 yilda Svetlana olim Yuriy Jdanovga turmushga chiqadi. 1950 yilda ular qiz farzand ko‘rishadi.

Svetlananing ikkinchi turmushi ham “o‘xshamaydi” va u 1952 yilda Jdanov bilan ajrashadi. 1953 yilda Stalin vafot etadi. O‘sha paytda Svetlanada yo‘qotadigan amal ham, boylik ham yo‘q edi. Shu uchun otasining o‘limidan so‘ng unga indashmaydi.

1957 yilda ayol Ivan Svanidzega turmushga chiqadi va ikki yildan so‘ng u bilan ham ajrashadi. Svanidze Stalinning birinchi xotini Yekaterina Svanidzega jiyan edi.

Svetlana birinchi turmush o‘rtog‘i Grigoriy Morozov bilan

Hindistonga safar

Shundan so‘ng Svetlana xorijga ketishga qaror qiladi. Biroq unga ruxsat berishmaydi. Shundan so‘ng u Moskvaga kelib yashab yurgan hindistonlik Brajyesh Singxga turmushga chiqadi.

O‘shanda sovet hukumatiga sobiq SSSR rahbarining qizi xorijlik shaxsga turmushga chiqqani yoqmaydi. Biroq Svetlanaga indashmaydi.

Chunki SSSR va Hindiston o‘rtasidagi aloqalar do‘stona edi. Qolaversa, Svetlana va Brajyesh Singx rasmiy nikohdan o‘tmasdan yashashadi.

O‘sha paytlarda Svetlana maoshi yaxshi joyda ishlar, hukumat darajasidagi uyda yashardi. Unga xizmat mashinasi va dalahovli berilgandi.

1966 yilda Svetlananing eri Brajyesh Singx vafot etadi. Shundan so‘ng ayol davlat rahbari Leonid Brejnevga maktub yo‘llab, erining xokini Hindistonga olib borishga ruxsat so‘raydi.

Brejnev uning iltimosini siyosiy byuroga havola qiladi. Byurodagilar esa bir muddat o‘ylovda qolishadi. Mabodo ayolga xorijga chiqishga ruxsat berishsa muammo keltirib chiqarmasmikan?

KGB Svetlana xotiralar kitobi ustida ishlayotganini bilardi. Oxir-oqibat Svetlana bilan do‘stona aloqada bo‘lgan hukumat raisi Aleksey Kosigin uning Hindistonga borib-kelishiga ruxsat beradi.

Svetlana Brajyesh Singx bilan

KGBga ayolga qo‘lyozmalarini xorijga olib chiqmaslik shartini qo‘yadi. Shu bilan birga, SSSRning Hindistondagi elchisi Ivan Benediktovga ayolni ko‘zdan qochirmaslik va uning har qadamini kuzatish topshirig‘i beriladi.

Svetlana Hindistonga 1966 yil 20 dekabr kuni uchib boradi. Benediktov uni kutib oladi va elchixona xodimlari yashaydigan shaharcha hududidan ijaraga olingan kvartiraga joylashtiradi. Ayolning pasporti olib qo‘yiladi.

Svetlanaga Hindistonga borib-kelishga bir hafta muhlat berilgandi. Biroq ayol u yerda bir oy yashaydi va Benediktovdan Moskvadan muddatni yana bir oyga cho‘zdirishni iltimos qiladi.

Shundan so‘ng ayol eri tug‘ilib o‘sgan qishloqqa borib kelishini aytadi va ertasi kuni kvartiradan chiqib ketadi. Elchixona xodimlari uning izini yo‘qotishadi. Ayol ikki oy dom-daraksiz ketadi va mart oyining boshlarida ijaraga olingan kvartiraga qaytadi.

Svetlana elchidan Hindistonda qolish muddatini surib berishni so‘rab yana iltimos qiladi. Bu safar Benediktov uning qo‘liga pasporti va 8 mart kuni Moskvaga uchish uchun olingan aviachiptani tutqazadi.

Svetlana parvozdan bir necha kun oldin yaqinlariga sovg‘a-salom olish bahonasida ko‘chaga chiqadi. Uni yashirincha kuzatishadi. Ayol restoranga kirganida xorijlik sayyoh qiyofasidagi KGB xodimi unga ichimlik quyib beradi va Svetlanadan gap olishga urinadi.

Shu joyda biroz mast bo‘lgan ayol SSSRga qaytishni xohlamasligini va G‘arbga chiqib ketish uchun ayrimlar bilan kelishib qo‘yganini aytadi.

Stalin va Svetlana, 1930-yillar

Bu gap Benediktovga yetkazilganda elchi ishonmaydi. Biroq elchixona xodimlariga ayolni sinchkovlik bilan kuzatishni topshiradi. Ayolning har bir qadami kuzatuv ostiga olinadi.

Biroq Svetlana baribir qochishning uddasidan chiqadi. U 1967 yil 6 mart kuni o‘zini kuzatib yurgan KGB xodimlarining ko‘zini shamg‘alat qilib sovet elchixonasiga yaqin hududda joylashgan AQSh elchixonasi hududiga kirishga muvaffaq bo‘ladi.

U yerda ayol AQShdan siyosiy boshpana so‘ramoqchi ekanini ma’lum qiladi. Svetlanani elchixona hududida uzoq vaqt ushlab turib bo‘lmasdi. Shu uchun o‘sha kuni tunda u MRB xodimlari hamrohligida Rimga uchadi.

So‘ng Shveytsariya orqali Germaniyaga o‘tadi va okean ortiga uchib ketadi. Ayol o‘tirgan samolyot Kennedi nomidagi aeroportga qo‘nganda uni rasmiy shaxslar bilan birga Amerika OAV muxbirlari va jurnalistlar kutib oladi.

Stalinning qizini Amerikada ko‘plab OAV vakillari kutib oladi

SSSRda Svetlana Alliluyevaning AQShga qochganiga munosabat

Svetlana AQShga qochib ketgani haqidagi xabar G‘arb OAVda tarqalar ekan, sovet hukumati darhol bu ishda AQShni ayblab chiqadi.

Sovetlar tomonidan e’lon qilingan bayonotda Svetlana Alliluyevani Amerika maxsus kuchlari Hindistondan o‘g‘irlab ketgani aytilgandi.

Biroq bu yolg‘onga hech kimni ishontirib bo‘lmasdi. Chunki Svetlananing Kennedi aeroportida samolyotdan tushish chog‘ida o‘zini kutib turgan OAV vakillariga qarata aytgan so‘zlari kameralarga yozib olingandi. O‘shanda u shunday degandi:

Barchaga alangali salom! Bu yerda o‘zimni juda baxtli his qilyapman! Bu juda ajoyib!”

Svetlananing qochishi Moskvadagi bir qancha yuqori lavozimli amaldorlarni sarosimaga tushiradi. Axir bu ish uchun ular ishdan olinishi, hatto jazolanishi mumkin edi.

Moskvada katta muhokama boshlanadi. Sovet rahbariyati aybdorlarni jazolashni xohlardi. Hukumat Svetlana Alliluyevaning okean ortiga qochib ketganiga Hindistondagi elchi Benediktov va KGB rahbari Vladimir Semichastniyni aybdor deb topadi.

Semichastniy ishdan olinadi va uning o‘rniga Yuriy Andropov KGB rahbari bo‘ladi. Benediktovni o‘sha paytlarda aloqalar ancha yomonlashgan Yugoslaviyaga elchi qilib jo‘natishadi.

Svetlananing AQShga qochishiga KGB rahbari Vladimir Semichastniy aybdor sifatida ko‘rsatiladi va lavozimidan ozod qilinadi. Uning o‘rniga Yuriy Andropov KGB rahbari bo‘ladi.

Bundan tashqari, ayolning qochishiga yo‘l qo‘yganlikda ayblanib, shu ishga mas’ul bo‘lgan o‘nlab amaldor jazolanadi.

Svetlanaga Hindistonga borib-kelishga ruxsat bergan Kosigin jazolanmaydi. Chunki ayolni kuzatish va SSSRga qaytarish KGB va Dehlidagi elchixona xodimlariga topshirilgandi.

Svetlana Alliluyeva Amerikada

Svetlana AQShga joylashib olgach Moskvada qolgan o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qiladi va unga vaziyatni tushuntirib, izoh beradi. Biroq o‘g‘li onasini kechirmasligini, u sotqinlik qilganini aytib go‘shakni qo‘yadi. O‘shanda Iosif singlisiga ham onasi bilan gaplashishga ruxsat bermaydi.

Bir necha oydan so‘ng Svetlana Amerikada “Do‘stimga yigirmata maktub” deb nomlangan kitobini chop ettiradi. U Hindistonga borib-kelish uchun ruxsat so‘raganda KGB xorijga olib chiqishni taqiqlagan qo‘lyozmalar shu asarniki edi.

Ayol Dehliga uchayotganida uning yonida qo‘lyozmalar bo‘lmagan. Biroq keyinchalik kimdir baribir ularni yashirincha G‘arbga olib chiqqan va Svetlanaga yetkazgandi.

Asarda Svetlana asosan otasi SSSRga hukmronlik qilgan yillardagi turli voqealarni eslagan, Stalinga “zolim” deb ta’rif berib, qatag‘onlar uchun uni ochiqchasiga qoralagan edi.

Svetlana amerikalik eri bilan

Agar Svetlana AQShga qochib ketmasa bu asar SSSRda kitob holida chiqmasdi. Chunki sovet nashriyotlariga Svetlananing kitobini chop etishga ruxsat bermaslik haqida topshiriq berilgandi.

Alliluyeva Amerikada Uilyam Piters ism-sharifli shaxsga turmushga chiqadi va qiz farzandli bo‘ladi. O‘shanda u ism-sharifini Lana Piters deb o‘zgartirgandi.

AQShda Stalinning nabirasi tug‘ilganini Amerika OAV juda katta shov-shuvli xabar sifatida tarqatadi. Svetlana amerikalik eri bilan bor-yo‘g‘i ikki yil yashaydi va ajrashib ketadi.

Keyinchalik, uning eri OAVdan biriga bergan intervyusida ajrashish sababini quyidagicha izohlagandi:

Oila qurganimizdan so‘ng ko‘p o‘tmay Lananing xarakterida xuddi otasinikiday diktatorlik unsurlari ko‘rina boshladi. Bunga esa toqat qilib bo‘lmasdi”.

SSSRga qaytish va yana okean ortiga

Svetlana Amerikada 15 yil yashaydi va 1982 yilda Britaniyaga ko‘chib o‘tadi. 1984 yilda esa u Amerikada tug‘ilgan qizi bilan SSSRda paydo bo‘ladi.

Moskvada tashkil etilgan matbuot anjumanida u AQSh maxsus xizmatini ayblaydi. “O‘tgan yillar davomida men MRBning qo‘lida haqiqiy qo‘g‘irchoq bo‘ldim”, degandi o‘shanda u.

Keyinchalik Svetlana o‘zining yana bir asari “Nabiralarim uchun kitob”da SSSRga o‘g‘li Iosifning iltimosi bilan qaytganini yozgan.

Svetlananing farzandlari, Yekaterina va Iosif

Biroq uzoq yillar ayro yashagani uchun ayol o‘g‘li va qizi bilan til topisha olmaydi. Ular tez-tez “siz bizni tashlab ketgansiz”, deb yuziga solishadi.

Garchi qaytib kelib, Amerika tomonini qoralab chiqish qilgan bo‘lsa ham Svetlananing Moskvada yashashiga ruxsat berishmaydi. Uni Tbilisiga jo‘natib yuborishadi.

Tbilisida uni yaxshi kvartiraga joylashtirishadi. Nafaqa tayinlashadi va barcha sharoitlarni muhayyo qilishadi. Hatto xizmat mashinasi ham berishadi. Biroq uzoq yillar Amerikada yashagan ayolga bular tatimaydi.

1985 yilda SSSR rahbarligiga Mixail Gorbachyov kelgach mamlakat tashqi siyosati o‘zgara boshlaydi. Iqtisodiy islohotlar bilan birga siyosiy islohotlar ham boshlanadi.

1986 yilda Svetlana Alliluyeva AQShga borish uchun ruxsat so‘raydi. Bu safar uning so‘rovi tez muddatda ko‘rib chiqiladi va ruxsat beriladi. 1986 yil 16 aprel kuni u AQShga jo‘nab ketadi.

Svetlana umrining so‘nggi 20 yilini hali Britaniyada, hali AQShda muntazam safarlar bilan o‘tkazadi. Tez-tez turli OAVga intervyular beradi.

Keksaygan chog‘ida Svetlana Alliluyevada saraton xastaligi aniqlanadi. U 2011 yil 20 noyabr kuni Viskonsin shtatidagi qariyalar uyida 86 yoshida vafot etadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid