Jahon | 18:51 / 17.12.2024
3228
2 daqiqa o‘qiladi

Boliviya prokuraturasi sobiq prezident Evo Moralesni hibsga olishga order berdi

Sobiq prezident odam savdosi va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikda ayblanmoqda.

Foto: Getty Images

Boliviya prokuraturasi mamlakat sobiq prezidenti Evo Moralesni hibsga olish uchun yangi order berdi. AFP'ning yozishicha, u odam savdosi va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikda ayblanmoqda.

Huquq-tartibot organlari ma’lumotlariga ko‘ra, Morales ushbu jinoyatlarni prezidentlik davrida sodir etgan.

Prokuraturaning versiyasi bo‘yicha Evo Morales 2015 yilda 15 yoshli qiz bilan yaqin munosabatda bo‘lgan va qiz undan farzand ko‘rgan. Boliviya qonunlariga ko‘ra bunday holat voyaga yetmagan qizni zo‘rlashga tenglashtirilgan.

2024 yil sentabrda gumonlanuvchini hibsga olish bo‘yicha birinchi order berilgan edi. Ammo uning advokatlari tergovni to‘xtatish va orderni bekor qilishga muvaffaq bo‘lgan. O‘shanda prokuratura ayblovlar ro‘yxatini kengaytirib, ular orasiga odam savdosini ham qo‘shgan. Da’vo o‘zgartirilgach, hibsga olish uchun yangi order berildi.

Sobiq prezident ko‘plab tarafdorlari yashovchi Chapare provinsiyasida yashirinib kelmoqda. U o‘zining aybsizligini qat’iy ta’kidlab, ayblovlarning barchasi uning 2025 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilishga urinish ekanini da’vo qilmoqda. Evo Moralesning aybi isbotlansa, u 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Evo Morales 2006 yildan 2019 yilga qadar Boliviya prezidenti bo‘lgan. Joriy yil sentabr oyida u amaldagi davlat rahbari Arsening iqtisodiy boshqaruviga qarshi norozilik namoyishlarini boshlagan edi. Iyun oyida esa Boliviyada davlat to‘ntarishiga urinishning oldi olingandi. Oktyabr oyida Evo Morales o‘ziga suiqasd uyushtirilganini ma’lum qilgan edi.

Mavzuga oid