Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
Li Jianpin o‘z mansab mavqeidan foydalanib, qariyb 2 milliard dollardan ortiq davlat mablag‘larini o‘zlashtirgan. Bundan tashqari, 800 million dollarga yaqin pora olgan.
Xitoy Kommunistik partiyasi Xux-xoto shahrining iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasi ishchi qo‘mitasi sobiq kotibi Li Jianpin Xitoy Oliy xalq sudi tomonidan tasdiqlangan hukmga ko‘ra qatl etildi. Bu haqda CCTV xabar berdi.
O‘lim jazosi Sin’an okrugi sudi tomonidan amalga oshirildi. Li Jianpin korrupsiya, pora olish, davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va jinoiy faoliyatga ko‘maklashishda aybdor deb topilgan edi.
2022 yil sentabrida Sin’an okrugi sudi uni o‘limga, barcha mol-mulkini musodara qilishga va umrbod siyosiy huquqlardan mahrum qilishga hukm etdi. 2024 yil avgust oyida Ichki Mo‘g‘uliston Oliy sudi dastlabki hukmni o‘z kuchida qoldirib, Jianpinning apellyatsiyasini rad etdi.
Tergov xulosalariga ko‘ra, Li Jianpin o‘z mansab mavqeidan foydalanib, 14,37 milliard yuandan (qariyb 2 mlrd AQSh dollari) ortiq davlat mablag‘larini o‘zlashtirgan. Bundan tashqari, 5,77 milliard yuandan (800 mln dollar) ortiq pora olgan, shuningdek, 10,55 milliard yuanlik (1,5 mlrd dollar) budjet mablag‘larini noqonuniy ishlatgan.
Xitoy Oliy xalq sudi Li Jianpin jinoyatlarining davlat va jamiyat uchun ayniqsa og‘ir oqibatlarini hisobga olib, o‘lim jazosini tasdiqladi.
Noyabr oyi oxirida Xitoy sudi sobiq partiya kotibi va Bank of China direktorlar kengashi raisi Lyu Lyangeni korrupsiya va noqonuniy kreditlar berishda ayblab, o‘lim jazosiga hukm qilgan edi.
Mavzuga oid
18:12
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
17:38
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
11:25
Xitoyda 2024 yilning eng yaxshi avtomobillari e’lon qilindi
21:44 / 22.12.2024