Jahon | 12:10 / 18.12.2024
7536
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh: KXDR Kursk yaqinida yuzlab harbiylarini yo‘qotdi

Shimoliy Koreya qo‘shinlari allaqachon Kursk oblastida Ukraina qurolli kuchlari bilan janglarda halok bo‘lgan va yaralangan «bir necha yuzlab» askarini yo‘qotdi, dedi Amerikaning yuqori martabali harbiy amaldori. U yirik yo‘qotishlarni Shimoliy Koreya askarlarining tajribasizligi bilan izohladi.

Foto: picture-alliance/Kyodo

Shimoliy Koreya qo‘shinlari allaqachon Rossiya Federatsiyasining Kursk oblastida Ukraina qurolli kuchlari bilan janglarda halok bo‘lgan va yaralangan «bir necha yuzlab» askarini yo‘qotgan. Bu haqda 17 dekabr, seshanba kuni Amerikaning yuqori martabali harbiy amaldori ma’lum qildi, deb xabar beradi AP va AFP.

Uning aniqlik kiritishicha, gap «barcha holatlar, yengil jarohatlardan tortib jangdagi o‘limgacha» haqida ketmoqda va qurbonlar orasida «barcha darajadagi» Shimoliy Koreya harbiylari bor. Amerika harbiylari Kursk yaqinidagi janglarda Shimoliy Koreya qo‘shinlarining bunday katta yo‘qotishlarini ularning tajribasizligi bilan izohladi. «Bular jangda suyagi qotgan askarlar emas. Ular ilgari jangda qatnashmagan», — deya ta’kidladi u.

AQSh Kursk yaqinida KXDR harbiylari yo‘qotishlarga uchraganini ma’lum qildi

AQSh Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR harbiylari allaqachon Rossiya Federatsiyasining Kursk oblastida Ukraina qo‘shinlari bilan jang qilmoqda va birinchi yo‘qotishlarga uchragan. Bu haqda 16 dekabr kuni Pentagon vakili general-mayor Pet Rayder ma’lum qildi.

«Biz Shimoliy Koreya askarlari Kurskdagi janglarda qatnashganiga ishonamiz, ular ham halok bo‘lgani, ham yarador bo‘lganiga oid dalillar mavjud», — deya Rayder so‘zlarini keltirgan Reuters. Pentagon vakili yo‘qotishlar haqida aniq ma’lumot bermadi.

Kiyev: KXDRning kamida 30 harbiysi halok bo‘lgan yoki yaralangan

Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) shu kuni birgina 14 va 15 dekabrda Shimoliy Koreya armiyasi bo‘linmalari Kursk oblastida kamida 30 kishini yo‘qotganini ma’lum qilgan. Bosh razvedka boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yo‘qotishlar KXDR harbiylari tomonidan Sudja rayonidagi Plexovo, Vorojba va Martinovka qishloqlari hududida Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalariga qilingan hujum paytida ro‘y bergan. Bundan tashqari, Kurilovka qishlog‘i hududida, ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning uch nafar harbiy xizmatchisi bedarak yo‘qolgan.

«Yo‘qotishlar tufayli hujum guruhlari Kurskda faol jangovar harakatlarni davom ettirish uchun KXDR armiyasining 94-alohida brigadasidan yangi shaxsiy tarkib bilan to‘ldirilmoqda», deb yozadi Ukraina razvedkasi hisobotida.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham kechki videomurojaatida Shimoliy Koreya harbiylarining Kursk oblastidagi janglarda ishtiroki haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rasmiylari KXDR jangchilari orasida yo‘qotishlarni yashirishga harakat qilmoqda. «Koreyslarning bu urushda o‘lishi uchun hech qanday sabab yo‘q. Yagona sabab — urushni kuchaytirayotgan aqldan ozish», — deya ta’kidladi Zelenskiy.

Mavzuga oid