O‘zbekiston | 14:48 / 18.12.2024
23843
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 33 yoshli erkak o‘ldirilib, Zarafshon daryosiga tashlab yuborildi

​​​​​​​Marhumning yaqinlariga ko‘ra, u turmush o‘rtog‘ini xiyonat ustida ushlab olgan. Ayol va uning xushtori qotillikda gumonlanib, qamoqqa olingan. Daryoga uloqtirilgan murda esa qariyb 20 kundan beri topilmayapti.

Foto: Kun.uz

Karmana tumani Katta machit mahallasida yashovchi erkak qotillik qurboni bo‘ldi. Navoiy viloyati IIB axborot xizmati ham buni tasdiqladi.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan marhumning yaqinlariga ko‘ra, 1991 yilda tug‘ilgan D.K. “Navoiy-Toshkent” yo‘nalishida qatnaydigan avtobuslarning birida yo‘lovchilarni yo‘naltiruvchi (posadchik) bo‘lib ishlagan. 29 noyabrdan 30 noyabrga o‘tar kechasi yarim tunda ishdan uyiga kelgan D.K. turmush o‘rtog‘ini boshqa erkak bilan ko‘rgan.

O‘sha kuni erining uyga qaytishini kutmagan ayol va uning tanishi vaziyatdan chiqib ketish maqsadida qotillikka qo‘l urgan. Xonadonda baqir-chaqir bo‘lgan. Bizga aytishlaricha, gumondorlarning biri D.K.ning og‘zini yopib turgan, ikkinchisi ip bilan bo‘ynidan bo‘g‘ib o‘ldirgan.

So‘ngra ayol 3-4 kun turmush o‘rtog‘ini izlagan bo‘lgan, yo‘qolib qoldi deb IIBga xabar bergan”, deydi marhumning yaqinlaridan biri.

Qotillik sodir etilgan tunda D.K.ning baqirganini eshitgan qo‘shnisi bu haqda ko‘rsatma bergach, ayol va uning xushtori jinoyatda gumonlanib qo‘lga olingan va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ular D.K.ni o‘ldirib, daryoga tashlab yuborishganini tan olgan.

Shundan beri gumondorlarning ko‘rsatmasi bo‘yicha Zarafshon daryosidan marhumning murdasi izlanmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, FVB xodimlari harakat qilishyapti, ammo murda hamon topilmadi.

Agar murda topilmasa, jinoyat ishi yopilib, gumondorlar qo‘yib yuborilar ekan. Shundan xavotirdamiz. Jinoyatga qo‘l urganlar jazosini ham olishi kerak”, deydi D.K.ning qarindoshi.

Kun.uz holat yuzasidan Navoiy viloyati FVB vakili bilan bog‘landi. Uning bildirishicha, sovuq ob-havoda daryodan murdani izlash qiyinchilik tug‘diradi. Murdani izlash ishlari davom ettirilmoqda. 

Mavzuga oid