O‘zbekiston | 16:20 / 19.12.2024
586
2 daqiqa o‘qiladi

Londonda o‘zbek naqsh san’ati maktabi tashkil etildi

O‘zbekiston elchixonasida britaniyalik taniqli mutaxassis va rassom Samira Mian bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: "Dunyo" AA

Muloqot avvalida Samira Mian O‘zbekistonda san’at va madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Shuningdek, u kelgusida respublikadagi rassomlar va ijodkor bilan yaqin hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi. Ijodkor o‘zi asos solgan naqsh san’ati maktabi to‘g‘risida ham so‘zlab berdi.

Uning aytishicha, Samarqand, Toshkent, Buxoro, Xivada joylashgan tarixiy obidalardagi naqshlarni o‘rganish va ularni tasvirlash bo‘yicha darslarga xorijlik o‘quvchilarning ishtiroki yuzasidan juda ko‘plab takliflar kelib tushmoqda. Jumladan, go‘zal geometrik naqshlarni chizish barchaga manzur bo‘lmoqda.

Suhbat yakunida ijodkor bilan mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalarini faollashtirishga kelishib olindi.

Samira Mian matematika va geometriya fanlari o‘qituvchisi hisoblanadi. U 2019 yilda ilk marta O‘zbekistonga sayohat qilgan. Mazkur sayohatdan, jumladan O‘zbekistondagi qadimiy va ko‘hna manzillar, olis tarixdan so‘zlovchi madaniy yodgorliklar va hashamatli obidalardan ilhomlangan ijodkor Buyuk Britaniyada o‘zining o‘zbek naqsh san’ati maktabiga asos soldi.

Uning o‘quv dasturlari va mahorat darslaridan Samarqand, Toshkent, Buxoro, Xivada joylashgan tarixiy obidalardagi naqshlarni o‘rganish va ularni tasvirlash amaliyotlari o‘rin olgan.

Darslar jarayonida o‘quvchilarga naqshlarni tahlil qilish va chizishdan tortib, ularga rang tanlash va bo‘yashgacha bo‘lgan jarayon o‘rgatiladi. O‘quvlar gibrid shaklda tashkil etilgan.

Mavzuga oid