Jahon | 16:40 / 20.12.2024
7800
5 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi

So‘nggi oylarda Isroil askarlari G‘azo markazida bufer zona yaratish uchun 600 dan ortiq binolarni buzib tashladi va harbiy bazalar tarmog‘ini kengaytirmoqda. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va videolavhalarni tahlil qilgan New York Times'ning yozishicha, oxirgi 3 oy ichida Isroil kuchlari tomonidan Netzarim koridori va uning atrofida o‘nga yaqin yangi bazalar paydo bo‘lgan.

6 kilometrlik Netzarim koridori G‘azo sektorini ikkiga – shimoliy va janubiy qismlarga ajratib turadi. Urushning ilk oylaridan beri Isroil kuchlari janubga ko‘chirilgan yuz minglab g‘azoliklarning sektor shimoliga qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun koridorni egallab olgan. Ayni paytga kelib bu koridor atrofida 47 km kvadratga yaqin yopiq hudud tashkil etilgan.

Oxirgi uch oyda askarlar yo‘l atrofidagi 600 dan ortiq binolarni buzib tashladi. Shuningdek, aloqa minoralari va mudofaa istehkomlari tarmog‘i jadallik bilan kengaytirildi. New York Times bu harakatlardan maqsad bufer zona yaratish ekanini taxmin qilgan. Harbiylarning o‘zi buni “operativ sabablar” bilan izohlagan.

Isroil 1967 yilgi arab-isroil urushida G‘azoni bosib olgan va u yerda yahudiy turar joylari va harbiy bazalarini tashkil qilgan. Bu qo‘shinlar va ko‘chmanchilar 2005 yilda G‘azodan chiqib ketgan, shundan keyin sektor boshqaruvi falastinliklarning Hamas harakatiga o‘tgan. Oradan 18 yil o‘tib, Isroil G‘azo okkupatsiyasini yana davom ettirmoqda.

Sun’iy yo‘ldoshdan olingan 2024 yil kuz oylariga oid suratlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, Isroil harbiylari hudud bo‘ylab kamida 19 ta yirik va o‘nlab kichik bazalarga ega. Ba’zilari urushdan oldin qurilgan bo‘lsa-da, tasvirlar qurilish sur’ati tezlashayotganini ko‘rsatadi. Sentyabr oyi boshlaridan beri 12 ta baza yo yangidan qurilgan yoki kengaytirilgan. Qurilgan binolarga olib boruvchi yo‘llar asfaltlangan, binolar devor bilan o‘ralgan, kazarmalar, kirish yo‘llari va zirhli mashinalar uchun to‘xtash joylari tashkil etilgan. Bazalar mudofaa ariqlari, qo‘rg‘onlar va transport vositalariga qarshi to‘siqlar bilan o‘ralgan.

Shu o‘rinda G‘azodagi ikki muhim harbiy koridor haqida batafsilroq to‘xtalib o‘tamiz.

Netzarim koridori – G‘azoning shimoliy qismini janubiy qismidan ajratib turadigan, taxminan 6 km uzunlikdagi yo‘lak. Isroil hududidan boshlanib, O‘rta yer dengizigacha davom etadi. Yo‘lakni 2005 yilgacha bo‘lgan davrda Isroil armiyasi tashkil qilgan. Koridor bu yerda 1970-yillarda barpo etilgan yahudiy manzilgohining nomi bilan atalgan.

G‘azoda Isroil armiyasi tashkil etgan yana bir koridor Filadelfiya deb ataladi. G‘azo va Misr chegarasi bo‘ylab o‘tgan koridor – uzunligi 14 km, eni 100 metr bo‘lgan tor demilitarizatsiya qilingan bufer zona bo‘lib, uning nomi harbiylarning obektlarni tasodifiy nomlar bilan kodlashi orqali kelib chiqqani aytiladi. Filadelfiya koridori G‘azo, Isroil va Misr chegaralari tutashgan Karim Shalom o‘tish punktidan boshlanib, O‘rta yer dengizigacha cho‘zilgan.

Yo‘lak 1979 yilda Misr va Isroil o‘rtasida imzolangan tinchlik shartnomasi natijasida tashkil etilgan. Kelishuvda Isroil bu yerda piyodalar batalonlari, harbiy inshootlar va dala istehkomlari kabi cheklangan qurolli kuchlarni joylashtirishi mumkinligi belgilangan. Tanklar, artilleriya va anti-artilleriya qurollari, samolyotlar va ayrim turdagi raketalarni joylashtirish esa taqiqlangan.

G‘azoda Netzarim va Misr bilan chegaradagi Filadelfiya koridorlarini bir vaqtning o‘zida nazorat qilish Isroilga Hamas va Falastin aholisini yanada yakkalab qo‘yish imkonini beradi. G‘azoga kirish-chiqish imkoniyatlari to‘siladi, tashqi dunyo bilan aloqalar, oziq-ovqat va qurol-yarog‘ ta’minoti cheklanadi.

Ushbu strategiyani Isroilning sobiq bosh vaziri Ariyel Sharon tomonidan ilgari surilgan “Besh barmoq” doktrinasining evolyutsiyasi sifatida ham ko‘rish mumkin. Bunda G‘azoni turli qismlarga bo‘lib, Isroil uchun hududni boshqarish osonroq bo‘lishi maqsad qilingan.

Mavzuga oid