O‘zbekiston | 12:38 / 20.12.2024
5945
6 daqiqa o‘qiladi

Islomiy moliya – nima u? - Kun.uz'da yangi multfilm

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda islom moliyasi xizmatlarini joriy qilish vaqti kelganini ta’kidlagan. Buning uchun “Islom moliyasi to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilmoqda. Kun.uz "Al Muamalat Consulting” tashkiloti bilan hamkorlikda tayyorlagan multfilmida islomiy moliya nima ekani haqida salam shartnomasi misolida hikoya qiladi.

Islomiy moliya bu – Islom dini tamoyillariga muvofiq amalga oshiriladigan moliyaviy faoliyat. U foiz olish, ortiqcha noaniqlik va jamiyat va insonga zarar keltiruvchi narsalardan chetlanishga qurilgan, xavflarni (risklarni) baham ko‘radigan sherikchilikka tayangan iqtisodiy tizimdir.

Deylik, bir dehqon o‘z yerida piyoz yetishtirmoqchi bo‘ldi. Yer bor, traktor bor, belda quvvat bor – ekish kerak! Dehqon chamalab ko‘rdi-da, qarasa, qo‘lidagi mablag‘i kam. Nima qilish kerak?

  • Matqovuldan qarz olsammikan? Yo‘q, u yaqinda o‘g‘lini uylantiradi, pul berolmaydi.
  • Traktorimni sotsammikan? E, traktorsiz qanday dehqonchilik qilaman? Bo‘lmaydi.
  • Traktorni garovga qo‘yib, kredit olsammikan? Yo boshqa yo‘li ham bormi?

Bor, bu – islomiy moliya.

Aytaylik, dehqonning ozroq yeri bor, piyoz ekmoqchi, lekin buning uchun unga 100 mln so‘m pul kerak bo‘lyapti. Bu holatda islomiy moliya tashkilotlari unga salam shartnomasini taklif qilishi mumkin.

Investor chamalab ko‘radi va: “Men sizga 100 mln so‘m pul beraman, siz hosil pishganda menga 50 tonna piyozingizning kilosini 2 ming so‘mdan hisoblab berasiz, bo‘ladimi?” – deydi.

Dehqon hisob-kitob qilib ko‘radi: “Yerimdan 80 tonna piyoz olsa bo‘ladi, 50 tonna piyozimni bu tashkilotga 2 ming so‘mdan bersam, qarz-majburiyatidan qutulgan bo‘laman, o‘zimga 30 tonna piyoz qoladi, Xudo xohlasa”.

Xullas, salam shartnomasida barcha tafsilotlar kelishiladi: investorga topshirilishi kerak bo‘lgan piyozning narxi, miqdori, sifati, turi, qay shaklda va qachon yetkazilishi va hokazo. Investor esa aytilgan pulni dehqonga o‘sha zahoti berishi kerak bo‘ladi, islomiy moliya qoidasi bo‘yicha bunday holatda investor pulni kechiktirishi yoki bo‘lib-bo‘lib berish mumkin emas.

Islomiy moliya asosida ishlovchi investor haqida

Bunday investor o‘z shaxsiy pullaridan foydalangan holda dehqonning ishini oldindan moliyalashtiradi, evaziga hosil pishgandan keyin belgilangan vaqtda kelishilgan miqdordagi hosilni dehqondan oladi.

Bunday investor bitta emas, ko‘plab bu kabi dehqonlarni moliyalashtiradi. “Toma-toma ko‘l bo‘ladi” deganlaridek. Shu bilan birga, u mahsulotni sotishni ham biladi – uning bazasida ko‘plab xaridorlar bo‘ladi. U ishlab chiqaruvchilar va ulgurji xaridorlarni bir-biri bilan bog‘laydi.

Buning natijasida dehqonning ishida tavakkalchilik kamayadi. Axir endi mahsulot go‘yo avvaldan sotib bo‘lingandek. Mahsulotlar isrof bo‘lishi holatlari, kasodga uchrash va tabiiyki moliyaviy inqirozga uchrash holatlari kamayadi. Bu esa jamiyat uchun faqat yaxshilik.

Ushbu misolda faqat islomiy moliyaning birgina instrumenti – salam haqida so‘z yuritdik. Islomiy moliyaning boshqa vositalari ham bor.

Endi, islomiy moliyani ajratib turadigan tomonlari va foydalarini sanab o‘tsak.

1. Islomiy moliya qoidalari bo‘yicha moliyaviy munosabatga kirishgan tomonlar xavf-xatarni, ya’ni risklarni o‘zaro baham ko‘rishadi. Bu nima degani. Masalan, biz ko‘rgan misolda dehqon bilan investor hali yetishtirilmagan piyoz ustida shartnoma tuzishdi. Agar dehqon piyoz yetishtirish davomida muammoga uchrasa, masalan, hosil yetilmay qolsa, bu dehqon o‘z zimmasiga oladigan xavf bo‘ladi. Investor esa kelajakdagi bozor narxining o‘zgarishi xavfini o‘z bo‘yniga oladi, chunki narx oldindan kelishilgan. Shu tariqa, risklar baham ko‘riladi.

2. Islomiy moliya bor joyda foizga bankdan qarz olishni istamaganlar o‘zlariga ma’qul bo‘lgan moliyaviy manbaga murojaat qila oladilar. Bu orqali milliardlab ishlamay – sandiqlarda yotgan pullar iqtisodiyotga kirib, aylanadi, minglab tadbirkorlarning faoliyatiga jon kirib, turib qolgan xo‘jaliklar yurib ketadi.

3. Islomiy moliya qoidalari bo‘yicha ishlovchi investor shunchaki pul beruvchi emas, balki to‘laqonli sherik – hamkor hisoblanadi, chunki, hali aytganimizdek, xavf-xatar sheriklar o‘rtasida baham ko‘riladi. Va bunda sherigining muvaffaqiyatidan investor ham foyda oladi, agar sherigi inqirozga uchrasa, investor ham zarar ko‘radi.

4. Islomiy moliyalashtirish iqtisodiyotning kuchayishiga, pulning qadri oshishiga yordam beradi.

Shokir Sharipov 

Mavzuga oid