O‘zbekiston | 15:00 / 21.12.2024
2018
2 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz'ning YouTube'dagi obunachilari soni 3 milliondan oshdi

Kun.uz internetning o‘zbek segmentida sifatli milliy kontent tarqatishni kengaytirish yo‘lidagi yana bir yutug‘ini mamnuniyat bilan e’lon qiladi: saytning YouTube'dagi obunachilari soni 3 milliondan oshdi.

Ushbu marra Kun.uz ijodkorlari uchun yangi rag‘bat va ilhom manbayi bo‘lib xizmat qiladi.

Doimiy obunachilarimiz e’tirof etganidek, Kun.uz videomateriallar soni va sifatini yildan yilga oshirib bormoqda. Bu boradagi natijalarimiz ayniqsa 2024 yilda salmoqli bo‘ldi. Hozirda YouTube'dagi asosiy sahifamizda kuniga o‘rtacha 5 ta video e’lon qilinmoqda.

Videohosting statistikasiga ko‘ra, yil boshidan beri kanalimizga 2 mingta video joylashtirilgan bo‘lib, ular jami 420 million marta ko‘rilgan. Bu – o‘tgan yil bilan solishtirganda 60 foizga ko‘p. Kanal obunachilari soni esa yil davomida 770 ming nafarga yoki 35 foizga ko‘paygan.

Fursatdan foydalanib, barcha obunachilarimizga Kun.uz'ni tanlagani uchun samimiy minnatdorchilik bildiramiz. Sizning tanlovingiz va ishonchingizni biz ulkan mas’uliyat deb qabul qilamiz.

Kun.uz jamoasi tezkor, xolis va ishonchli axborot tarqatishda, videokontent salmog‘i va sifatini bundan keyin ham oshirib borishda davom etadi.

Mavzuga oid