Jahon | 21:05 / 22.12.2024
8496
2 daqiqa o‘qiladi

Qatar Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi

Qatar energetika vaziri agar Yevropa Ittifoqi QatarEnergy kompaniyasiga nisbatan jarima belgilasa, gaz yetkazib berish to‘xtatilishini ma’lum qildi.

Saad al-Kaabi Foto: Naseem Zeitoon / Reuters

Qatar energetika vaziri Saad al-Kaabi QatarEnergy kompaniyasi korporativ barqarorlik talablarini buzgani uchun jarimaga tortilsa, Yevropa Ittifoqiga gaz yetkazib berishni to‘xtatishini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur holatda YeI davlat pullarini tortib oladi, chunki QatarEnergy — milliy kompaniya.

Gap 2024 yil mayda qabul qilingan korporativ tekshiruv to‘g‘risidagi direktivada ko‘rsatilgan jarima haqida ketmoqda. Unga muvofiq, YeIga a’zo davlatlari karbonat angidrid gazining chiqarilish darajasi, shuningdek, mehnat va inson huquqlariga bog‘liq talablarga rioya qilinmasa, jarima belgilashga majbur.

Bu kabi holatda jarimaning maksimal miqdori kompaniya yillik global daromadining kamida 5 foizini tashkil etishi kerak.

«QatarEnergy daromadining 5 foizi, bu Qatar davlatining 5 foiz daromadi demak. Ushbu pullar xalqniki, shu bois men bu pullarni yo‘qota olmayman — hech kim bunday pullarni yo‘qotishga rozi ham bo‘lmaydi», — deydi energetika vaziri. Uning ta’kidlashicha, kompaniya suyultirilgan gazni yetkazib berish bo‘yicha amaldagi shartnomalarni bekor qilmaydi.

Qatar tabiiy gaz zaxirasi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda, uni qazib olish bo‘yicha esa oltinchi o‘rinda turadi. 2024 yil oktyabr yakunlariga ko‘ra, Qatar AQSh va Avstraliyadan keyin suyultirilgan gazni eng ko‘p eksport qilgan uchinchi davlatga aylangan.

Mavzuga oid