Iqtisodiyot | 16:12 / 23.12.2024
2587
2 daqiqa o‘qiladi

Dollarning rasmiy kursi ilk marta 12 900 so‘mdan oshdi

O‘zbek so‘mi yil boshidan buyon AQSh dollariga nisbatan qariyb 4,5 foizga qadrsizlandi. Milliy valuta devalvatsiyasi o‘tgan yili 9,7 foiz bo‘lgandi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy banki 24 dekabr kuni uchun xorijiy valutalarning so‘mga nisbatan rasmiy kursini e’lon qildi. Bunda AQSh dollarining qiymati ilk marta 12 900 so‘mlik psixologik nuqtadan o‘tib, 12 902,00 so‘m deb belgilandi.

Amerika valutasining so‘mga nisbatan rasmiy kursi yilning ilk ish kunida 12 352,86 so‘m bo‘lgandi. Shu tariqa, yil boshidan buyon milliy valutaning dollarga nisbatan devalvatsiyasi 4,45 foizga (+549 so‘m) teng bo‘lmoqda.

Bu ko‘rsatkich 2022 yilda 3,9 foiz, 2023 yilda esa 9,7 foiz bo‘lgandi.

Bugun, 23 dekabr kuni tijorat banklarida 1 AQSh dollari 12 895 – 12 955 so‘mlik diapazonda sotilmoqda. Sotib olish kursi esa 12 830 – 12 855 so‘m oralig‘ida.

Eslatib o‘tamiz, xorijiy valutalarning so‘mga nisbatan Markaziy bank belgilaydigan kursi buxgalteriya, statistika va boshqa hisobot maqsadlari uchun, shuningdek, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun ishlatiladi.

Avvalroq 2025 yilgi davlat budjeti parametrlarida dollar kursi o‘rtacha yillik 13 250 so‘mdan hisoblangani ma’lum qilingandi. S&P xalqaro reyting agentligi esa, 2025 yilning oxiriga borib kurs 13 650 so‘m bo‘lishini prognoz qilmoqda.

Mavzuga oid