O‘zbekiston | 16:32 / 26.12.2024
4060
3 daqiqa o‘qiladi

Mobil aloqa xizmatlari aksiz solig‘idan ozod etildi

«Soliq va budjet siyosatining 2025 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi.

Foto: Getty Images

Qonunga ko‘ra, Soliq kodeksiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi:

- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma QQSdan ozod etildi;

- shaharlar va shaharchalarning ma’muriy chegaralarida joylashgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bo‘yicha yer solig‘ini ikki baravar miqdorida hisoblash tartibi bekor qilindi;

- YaTT xodimlari tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq summasi kamaytirildi;

- soliq to‘lovchilar bojxona chegarasini kesib o‘tganligini tasdiqlovchi belgi qo‘yilgan tovarning kuzatuv hujjatlarini soliq organlariga taqdim etish majburiyatidan ozod etildi.

Shuningdek,

- mobil aloqa xizmatlari aksiz solig‘idan ozod etildi;

- noshirlik-matbaa faoliyati, axborot texnologiyalari, ta’lim muassasalarining o‘quvchilarini tadbirkorlarga ishga joylashtirish, yoshlarni avtomobil yo‘llaridagi ko‘chma savdo obektlari orqali tovarlarni realizatsiya qilishga jalb etish, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan kam ta’minlangan oila a’zolarini ishga qabul qilish orqali ularni qo‘llab-quvvatlash sohasida vaqtinchalik soliq imtiyozlari joriy etildi;

- qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar uchun soliq imtiyozlari berildi.

Bundan tashqari tamaki va alkogol mahsulotlari, neft mahsulotlari hamda aksiz to‘lanadigan boshqa tovarlar uchun soliq stavkalari, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq, aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq stavkalari o‘zgartirildi.

Shuningdek tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlarni qo‘llab-quvvatlash uchun beriladigan foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq imtiyozlari bekor qilindi, aylanmadan olinadigan soliqning qat’iy belgilangan stavkalari, soliq stavkasi bo‘yicha soliqni qat’iy belgilangan summada to‘lashning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risidagi normalar bekor qilindi.

Budjet kodeksiga budjet tizimi budjetlari daromadlarining kamayishini, soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yoki bekor qilinishini, shuningdek soliq bo‘lmagan tushumlardan budjet tizimi budjetlariga ajratmalarning kamayishini yoki ko‘payishini nazarda tutuvchi qonunchilik normalari keyingi moliya yilining 1 yanvaridan e’tiboran amalga kiritilishi to‘g‘risidagi qoidani belgilovchi o‘zgartirish kiritildi.

Bundan tashqari «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida soliq imtiyozlari belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritildi.

Mavzuga oid