Olimlar saraton hujayralarini sog‘lom holatga qaytarish yo‘lini topdi
Janubiy koreyalik tadqiqotchilar saraton kasalligini davolash uchun innovatsion texnologiyani taqdim etdi.
Koreya ilg‘or fan va texnologiyalar instituti (KAIST) olimlari saraton hujayralarini normal holatga yaqinlashtiradigan molekulyar o‘zgartirgichlarni aniqladi. Tadqiqot natijalari institut veb-saytida e’lon qilindi.
Ishga KAIST bioinjyeneriya va miya muhandisligi fakulteti professori Cho Kvan Xen boshchilik qilgan.
Kimyo va nur terapiyasi kabi zamonaviy usullar saraton hujayralarini yo‘q qilishga mo‘ljallangan. Biroq bu yondashuvning o‘z cheklovlari mavjud: o‘sma hujayralarining dorivorlarga chidamliligi va ularning qayta paydo bo‘lishi, sog‘lom to‘qimalarning zararlanishi kabi. Tadqiqotchilar muammoga boshqacha yondashishga qaror qilib, yo‘g‘on ichakning normal hujayralari onkogenez jarayonida qanday o‘zgarishini o‘rgandi.
Ushbu kuzatuvga asoslanib, olimlar normal hujayralarning differensiatsiya yo‘nalishi bilan bog‘liq gen tarmog‘ining raqamli nusxasini yaratdi. Imitatsion tahlil yordamida jamoa hujayralarning differensiatsiyasiga yordam beradigan molekulyar “o‘zgartirgichlarni” aniqladi va ularni saraton hujayralariga qo‘llab, o‘sma hujayralarini yana normal holatga “o‘tkazishga” erishdi.
Hujayra darajasida ham, hayvonlarda ham o‘tkazilgan tajribalar shuni ko‘rsatdiki, saraton hujayralari organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan sog‘lom holatga qaytishi mumkin, bu esa yangi eksperimental davolashning xavfsizligidan dalolat beradi.
Olimlarning ta’kidlashicha, ushbu yondashuv nafaqat yo‘g‘on ichak saratoniga, balki boshqa turdagi raklarga ham qo‘llash mumkin bo‘lgan davolash usullarini ishlab chiqishga yordam beradi.
Mavzuga oid
07:34
Janubiy Koreyada yo‘lovchi samolyot halokatga uchradi
17:17 / 28.12.2024
Ayollar erkaklarga qaraganda ko‘proq uxlashi kerak - tadqiqot
18:16 / 27.12.2024
Janubiy Koreya parlamenti prezident vazifasini bajaruvchi Xan Dok Suga impichment e’lon qildi
18:30 / 26.12.2024