«Ramzan Qodirov O‘zbekiston xalqidan uzr so‘rashi kerak» – Odiljon Tojiyev
Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev Checheniston rahbarining Komil Allamjonov va Dmitriy Liga tahdidlarini mamlakat ichki ishlariga aralashish deya baholab, buni keskin qoraladi. Deputat bunday harakatlar ikki do‘st davlat munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.
Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning «O‘zbekiston ichki ishlariga aralashishi», shuningdek, «o‘zbek davlat amaldorlariga nisbatan tahdid bildirishi yoki bosim o‘tkazishi»ni qoralab chiqdi.
Uning aytishicha, bunday harakatlar «ikki do‘st davlat munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va har ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarga zarar yetkazishi mumkin».
«Men Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasidan Ramzan Qodirovning o‘zbek mulozimlariga tahdidi yuzasidan holatga huquqiy baho berishini so‘rayman. Bundan tashqari, Ramzan Qodirov o‘zining kechagi munosabati uchun O‘zbekiston xalqidan ochiqdan ochiq uzr so‘rashi kerak. Shu bilan birga agar u do‘st bo‘lsa O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga qidiruvda bo‘lgan Beslan Rasayev va Shamil Temirxanovni topishda amaliy yordam berishi va uni O‘zbekistonga topshirishi lozim», deydi deputat.
Avvalroq, sobiq deputat, ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ham Grozniyga aviaqatnovlarni to‘xtatish va har bir chechenistonlikning O‘zbekistonga kirishini qat’iy tekshirish vaqti kelganini bildirgandi.
Komil Allamjonovga suiqasd
2024 yil 30 sentabrgacha O‘zbekiston prezidenti administratsiyasida Axborot siyosati departamentini boshqarib kelgan Komil Allamjonov 26 oktyabr kuni Qibraydagi o‘z uyi yaqinida hujumga uchradi: u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzilgan. Hodisada Allamjonovning o‘ziga va haydovchiga shikast yetmagan.
Bosh prokuratura bundan avval 25 noyabr kuni bergan bayonotida jinoyatga aloqadorlikda gumonlanib 7 kishi ushlanganini ma’lum qilgan, ulardan faqat bir nafarining shaxsini ochiqlagan edi: bu – Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov. Bayonotda yana bir gumondor Qozog‘istonda qo‘lga olingani ma’lum qilingandi.
Noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tizimida bir qator yuqori lavozimli amaldorlar ishdan olingandi.
Mavzuga oid
11:42
Bu O‘zbekiston sud-huquq tizimiga hurmatsizlik va suverenitetini inkor qilish demakdir
19:09 / 28.12.2024
O‘zbekistonlik amaldorlarga suiqasd: «chechen izi» va Qodirov tahdidi
07:56 / 28.12.2024
Kusherbayev har bir chechenistonlikni O‘zbekistonga kirishda qat’iy tekshirishni taklif qildi
20:36 / 27.12.2024