Sport | 00:13 / 29.12.2024
25381
3 daqiqa o‘qiladi

Bokschi Shahram G‘iyosovning ayiq bilan kurashi tarmoqlarda e’tirozlarga sabab bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda boks bo‘yicha jahon chempioni va Olimpiada kumush medali sovrindori Shahram G‘iyosovning ayiq bilan kurashayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Ekologiya vazirligi holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bokschi Shahram G‘iyosov ayiq bilan mashg‘ulot o‘tkazgani aks etgan videoga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bokschi Shahram G‘iyosov ayiq bilan mashg‘ulot o‘tkazgani aks etgan video tarqaldi. Rolikda sportchi yirtqichni bir necha bor yiqitgani, bu paytda ayiqni boshqa bir kishi jilovidan ushlab turgani tasvirlangan. 

Boks bo‘yicha jahon chempioni va Olimpiada kumush medali sovrindorining harakatlari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar videoni joylashtirgan kanaldagi post ostida «daxshatli», «jirkanch», «hayvonlar ustidan kulish» kabi izohlarni qoldirdi. Keyinchalik video o‘chirildi, ammo u boshqa ko‘plab kanallarda tarqalishga ulgurdi. 

Qayd etilishicha, ayni damda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan holat o‘rganilmoqda. O‘rganish natijalariga ko‘ra batafsil ma’lumot beriladi va huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy tartibda chora ko‘riladi. 

Vazirlar Mahkamasining «Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatga ayiqlarning barcha turi kiritilgan. Ya’ni boshqa hayvonlar qatori ayiqlarni ham davlat va mobil sirklarida (shapitolar) saqlash hamda ulardan sirk tomoshalarini o‘tkazish maqsadlarida foydalanish taqiqlanadi. 

«Ekologiya vazirligi hayvonlarga nisbatan har qanday shafqatsiz munosabatni qoralaydi va bu kabi holatlar qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor eslatib o‘tadi», — deyiladi munosabatda. 

Gazeta.uz’ning yozishicha, Shahram G‘iyosov ayiq bilan kurashgan Buka Gym sport zali bu kabi holatlarni qoralashini bildirgan. «Bu bizning loyihamiz, mediamateriallarimiz emas va birorta xodimimiz uni suratga olishda ishtirok etmagan», — deyiladi kompaniya bayonotida. Shu bilan birga, kompaniya ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan kechirim so‘rab, hayvonlarni yaxshi ko‘rishlarini va doim ularning himoyasi tarafdori ekanliklarini qayd etgan.

Mavzuga oid