Jahon | 22:49 / 09.01.2025
12006
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp butun materikni egallamoqchi: hamma hayratda

AQSh prezidenti Donald Tramp oldi-orqasiga qaramay qo‘shnilarining yerlarini qo‘shib olish haqida gapiryapti. Hozir Tramp birdaniga 4 ta davlatga – Kanada, Meksika, Daniya va Panamaga ochiqchasiga tahdid qilmoqda. Trampning eng yaqin ittifoqchisiga aylangan Ilon Mask esa kecha Kanada sobiq bosh vaziri Jastin Tryudoni gubernator va qizaloq deb atagan bo‘lsa, bugun boyvachcha Britaniya bosh vaziri Kir Starmerni ketkazishga harakat qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Bu ishlarni ko‘rayotgan Yevropa sharqidagi bir siyosatchi hayratdan yoqa ushlayotgan bo‘lsa kerak. Axir o‘sha odam uch yildan beri qo‘shnisining ikkita viloyatini ololmay halak, bu «zo‘ravon anglosakslar» esa mayda-chuyda qilmay butun qit’ani egallab olmoqchi.

Siyosat bu – ilm, populizm emas

Tramp Grenlandiyani Daniyadan sotib olmoqchi. Kanadani esa shunchaki AQShning 51-shtati deb e’lon qilishni istaydi. Yetmaganiga Meksikani ham AQSh tarkibiga qo‘shib olishga qarshi emas. Balki Tramp AQShni dunyodagi eng katta davlatga aylantirmoqchidir. Chunki Kanada ham qo‘shib olinsa, AQSh hududi chindan Rossiyanikidan kattaroq bo‘ladi.

O‘zini dunyo demokratiyasi qo‘rg‘oni deb ko‘rsatadigan Amerikaday davlatning bo‘lajak prezidenti, uning ittifoqchisi bo‘lgan dunyodagi eng boy odamning bunday bosqinchilarga xos gaplaridan ba’zi xulosalarga kelish mumkin. Eng asosiy xulosa shuki, siyosat bu – butun boshli ilm. Siz biznesda har qancha zo‘r bo‘lmang, qanchalik ko‘p pul topmang, fundamental bilimingiz bo‘lmasa, bir dumalab siyosatchiga aylana olmaysiz.

Axir siyosat bilan shug‘ullanish millionlab odamlar hayotiga ta’sir qiladigan, juda kichik detallargacha hisoblab chiqilgan islohotlarni amalga oshirish degani. Bu jarayonda siz mashhurlikka erishishingiz qiyin, chunki bunga vaqt bo‘lmaydi. Populistlik esa juda oson mashg‘ulot. Hammaning oldiga chiqasiz-da, «Men falon davlatni qo‘shib olaman», deysiz, keyin hamma sizning shu gapingiz haqida gapira boshlaydi. Qarabsizki, barcha gazeta sahifalarida sizning suratingiz. Sizday radikal fikrlaydiganlar ko‘pligi hisobga olinsa, populizm orqasidan mashhurlikka erishish tayin.

Tramp uchun ham Amerika ichida shug‘ullanadigan ishlar juda ko‘p, respublikachi bu haqda saylov kampaniyasi vaqtida ham va’dalar bergan. Lekin Tramp aftidan yana populistlikka zo‘r bergisi kelgan ko‘rinadi. Prezidentlik muddati boshlanishi oldidan bunday bayonotlar berishi esa yaxshilikka emas.

Tahdidchi-ittifoqchi

Trampning imperialist qarashlari bir tomon, Ilon Maskning o‘zini tutishi bir tomon. Tramp ikkinchi muddatga saylanganidan keyin uning mulkida yashab kelayotgan Ilon Mask oxirgi vaqtlarda o‘zini dunyo aholisi hayotini yaxshilay oladigan ko‘zi to‘q boylarday emas, ertaklardagi ochko‘z boylarday tutmoqda.

Xabaringiz bor, Jastin Tryudo Kanada bosh vaziri lavozimidan ketdi. Bunga qaysidir ma’noda uning Tramp bilan munosabati ham sabab bo‘lgan, katta ehtimol. Tramp bir necha oydan buyon Kanadani AQShga qo‘shib olish haqida gapirib, Jastin Tryudoni gubernator deb ataydi. Bu narsaning nomini odamning ustidan kulish deyishadi. Birovning ustidan kulish – pastkashlik. Ayniqsa kuchli tomon kuchsiz tomonning ustidan kulishi.

Ana shu Jastin Tryudo Trampning Kanadani qo‘shib olish haqida gaplariga munosabat bildirib, bu ish hech qachon sodir bo‘lmaydi deb yozdi. Ilon Mask esa o‘z xalqining manfaatini himoya qilgan Tryudoga mana bunday tvit yozdi: «Qizaloq, sen ortiq gubernator emassan. Shu uchun gaping hech qanday ahamiyatga ega emas». Kap-katta odamning gapini qarang.

Shu o‘rinda Jastin Tryudo haqida ikki og‘iz. Albatta, uning boshqaruvidagi oxirgi yillarda Kanadada iqtisodiy qiyinchiliklar yuzaga keldi, uning iste’fosi deyarli aniq edi. Bundan tashqari, 2013 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan Tryudoda Trampning tahdidlariga turib berish uchun qat’iyat yetishmayotgandek edi. Lekin Trdyudo Kanadani dunyodagi eng tartibli, iqtisodiy mustahkam davlatlardan biriga aylantirishda katta hissa qo‘shgani ham bor gap. Ishoning, Kanada Amerikadan obodroq, tinchroq va aholi yashash tarzi bo‘yicha yaxshiroq davlat. Farovonlik borasida Kanadadagi hayot tarzi Yevropadagiga o‘xshaydi, u yerda Amerikadagi kabi kriminal ko‘cha hayotiga duch kelmaysiz.

Eng muhimi, Tryudo hech qachon Amerika manziliga yomon gapirmagan, uning ustidan kulishlari uchun biror qo‘pollik ham qilmagan. U juda oddiy hayot tarzida yashadi. Hatto xotini koronavirus bo‘lib bolalariga enagalik qilayotgan holatida ular bilan birga xalqaro yig‘ilishlarda video orqali qatnashgandi. Yaqinda Tryudo Kanadaning bir hududiga chang‘i uchgani borganida mahalliy ayol janob bosh vazir bu yerdan daf bo‘ling, deb aytdi. Tryudo esa rahmat, mem, kuningiz yaxshi o‘tsin, deb unga rahmat aytib ketdi. Ilon Mask mana shu siyosatchini qizaloq deb masxara qilyapti. Sog‘lom fikrlovchilar bu yerda kim mag‘lub ekanini osongina bilib oladi.

Darvoqe, bu hali hammasi emas. Moshinfurush Maskka Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham yoqmayotgan ekan. U ittifoqchilari bilan suhbat chog‘ida Britaniya bosh vazirini almashtirish masalasini muhokama qilib, bu uchun boshqa partiyalarni qo‘llash fikrini ilgari surgan. Hatto tvitterda Britaniyaga qarshi kampaniya boshlab AQSh qirollikni qutqarib qolishi kerakmi degan masalani ko‘ndalang qo‘ygan. Oldinroq esa Germaniya ichki siyosatiga aralashib yurgandi.

Xulosa shuki, hukumat rahbarlarining boylar, zodagonlar bilan osh-qatiq bo‘lishi hech qachon yaxshilikka olib kelmagan. Tramp – Mask ittifoqi yangi davrni juda yomon boshlayapti. Oxiri baxayr bo‘lsin.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid