Jahon | 23:05 / 10.01.2025
3521
5 daqiqa o‘qiladi

Karter bilan vidolashuv: barcha prezidentlar Kapitoliyga yig‘ildi

Mashhur bir serial «O‘lim eng buyuk mavhumlikdir» degan so‘zlar bilan boshlanadi. Biz esa bu videomiz boshida o‘lim eng buyuk saboq ekanini eslatmoqchimiz. Dunyoda inson qiladigan ishlarning chegarasi yo‘qdek ko‘rinadi, lekin barchaning yo‘li o‘lim bilan tugaydi. Shu uchun o‘limdan yaxshi pand-u nasihat, undan achchiqroq haqiqat yo‘qdir.

Yaqinda AQShning 39-prezidenti Jimmi Karter vafot etgandi. Demokrat siyosatchi 100 yoshida dunyoni tark etdi. Karter 100 yoshga kirgan birinchi va hozircha yagona AQSh prezidenti hisoblanadi. Bu pir-u badavlat inson AQSh tarixida eng uzoq vaqt – deyarli 44 yil sobiq prezident rutbasiga ega bo‘ldi. Karter 2002 yilda tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan. Uning prezidentligi Vetnam urushi yakunlangan davrga to‘g‘ri kelgan. Ishga kirishishi bilan Karter Vetnamdagi urushdan bo‘yin tovlagani uchun jazolangan barcha amerikaliklarga amnistiya e’lon qilgandi.

Karter davrida AQShda ta’lim va energetika vazirliklari tuziladi. Uning davrida Eronda islom inqilobi sodir etiladi va amerikaliklar asir olinadi. Keyinroq SSSR Afg‘onistonga bostirib kiradi. 1980 yilgi saylovda esa Karter Ronald Reyganga imkoniyatni boy beradi.

9 yanvar kuni Vashingtonda Jimmi Karter bilan vidolashuv marosimi o‘tkazildi. Marosimda amaldagi prezident Jo Bayden, vitse-prezident Kamala Harris, bo‘lajak prezident Donald Tramp, sobiq prezidentlar Barak Obama, kichik Jorj Bush va Bill Klinton ishtirok etishdi. Amerikada shunaqa odat bor: sobiq prezidentlardan birortasi vafot etsa, qolgan sobiq prezidentlar, albatta, vidolashuv marosimida qatnashib, yonma-yon o‘tirishadi.

Kapitoliyda o‘tgan vidolashuv marosimida noodatiy hech narsa sodir bo‘lgani yo‘q, shunchaki bu jarayon haqida sizga aytib bergimiz keldi, unda xulosa qiladigan narsalar juda ko‘p.

Shu kuni prezidentlar tartib bilan joylashtirildi. Sobiq prezidentlar ikkinchi qatorga, amaldagi prezident va vitse-prezident birinchi qatorda. Karter o‘lganidan keyin endi Amerikada 4 ta sobiq prezident qoldi. Obama, Bush, Klinton va Tramp. 10 kundan keyin Tramp va Bayden o‘rin almashadi.

Tramp joyiga kelib o‘tirayotganda uning davrida vitse-prezident bo‘lib ishlagan, keyin u bilan kelishmay qolgan Mayk Pens bo‘lajak prezident bilan xohlamaygina ko‘rishdi. Trampning yoniga Barak Obamani joylashtirishdi. Marosim davomida Tramp va Obama yaxshi kayfiyatda chaqchaqlashib o‘tirishdi. Boshqa prezidentlar esa negadir Tramp bilan ko‘rishmadi. Balki ular tashqarida gaplashishgandir, bunisini bilmadik. Lekin e’lon qilingan videolarda Tramp bilan faqat Barak Obama hamsuhbat bo‘ldi.

Vidolashuv marosimida ko‘pchilik nutq so‘zladi. Prezident Bayden nutqi davomida Karterni maqtadi va «Biz eng katta gunoh bo‘lmish hukumat vakolatlarini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», deb aytdi. Balki bu gapi bilan Trampga ishora qilgandir.

Senator Jon Tun shu kuni Jimmi Karterga eng ajoyib ta’rifni berdi: «Harbiy dengiz floti veterani, yeryong‘oq yetishtirgan fermer, Jorjiya gubernatori, yakshanba kungi maktab o‘qituvchisi, inson huquqlari himoyachisi, Nobel mukofoti sovrindori, AQSh prezidenti va yaratuvchining sodiq xizmatkori», dedi senator Kapitoliydagi marosimda.

Karterning oila a’zolari ham so‘zga chiqdi. Sobiq prezidentning nabirasi bobosi eng avvalo haqiqiy erkak bo‘lganini ta’kidladi. Karterning tobuti Kapitoliyga olib kirilayotganda barcha o‘rnidan turdi, sobiq prezidentlar bu vaqtda qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, unga hurmat bajo keltirishdi.

Cherkov orkestri mungli kuy chalayotganda kameralar bir muddat 5 nafar Amerika prezidentini yaqindan ko‘rsatdi. Xuddi rejissyorlar ularning xayolidan qanday xayollar o‘tayotganini o‘qimoqchi bo‘lgandek. Balki chuqur o‘yga botgan holda prezident Karterning tobutiga boqayotgan prezidentlar bir muddat o‘zlarining vido marosimlari qanday o‘tishi haqida o‘ylagandir. Axir vidolashuv marosimida qatnashishdan maqsad ham mana shu o‘zi – avval marhum solingan tobutga, keyin o‘zingizga qaraysiz, keyin esa xulosa qilasiz. Hatto Amerika prezidenti bo‘lsangiz ham...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid