Jahon | 17:56 / 10.01.2025
5493
2 daqiqa o‘qiladi

Los-Anjyelesdagi yirik yong‘inlarga sabab bo‘lgan gumonlanuvchi qo‘lga olindi

Qasddan o‘t qo‘yilishi oqibatida yuzaga kelgan yirik ofatdan yetkazilgan zarar 135–150 milliard dollarga baholanmoqda.

Foto: Getty Images

Los-Anjyeles politsiyasi «Kennet» deb nomlangan yong‘inda gumonlanuvchi aybdorni shahar tashqarisida qo‘lga oldi. Janubiy Kaliforniyadagi o‘rmon yong‘inlari allaqachon 10 mingdan ortiq binoni vayron qilgan, qurbonlar soni esa 10 kishiga yetgan.

O‘t qo‘yishda gumonlanuvchi mahalliy aholi tomonidan qo‘lga olingan va keyinroq politsiyaga topshirilgan, dedi politsiya xodimi Charlz Dinsel. Jurnalist Eliks Mayklson so‘zlariga ko‘ra, u 30 yoshli uysiz odam bo‘lib chiqdi. U Los-Anjyeles shimoli-g‘arbida keng tarqalgan «Kennett» yong‘iniga sababchi sifatida ko‘rilmoqda.

Shuningdek, hududda 20 nafar shaxs odamlar tark etgan uylarda talonchilik qilganlikda gumonlanib qo‘lga olingan. Talonchilik haqidagi xabarlar ortidan komendantlik soati e’lon qilindi.

AccuWeather meteorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, shahar atrofidagi yong‘inlar 135 milliard dollardan 150 milliard dollargacha zarar keltirishi mumkin, bu esa ularni Qo‘shma Shtatlardagi eng qimmat o‘rmon yong‘inlariga aylantiradi.

Ikki yirik yong‘in, jumladan «Iton» (Los-Anjyeles shimoli-g‘arbida) va Pasifik-Paliseydsdagi yong‘in (sharqda) allaqachon 10 mingdan ortiq binolarni va avtomobillarni yo‘q qildi, deb yozdi AP. 180 mingdan ortiq odam hududdan evakuatsiya qilingan.

Janubiy Kaliforniyadagi o‘rmon yong‘inlari 7 yanvar kuni boshlandi. Sohil bo‘ylab kamida oltita yong‘in qayd etildi. Los-Anjyelesning nufuzli Pasifik-Paliseyds hududi eng ko‘p zarar ko‘rdi. U yerda turar-joy binolari, do‘konlar va maktablar joylashgan butun kvartallar yonib ketdi.

 

Mavzuga oid