Jahon | 21:30 / 11.01.2025
929
2 daqiqa o‘qiladi

Olaf Shols Germaniya kansleri lavozimiga nomzod bo‘ldi

Navbatdan tashqari parlament saylovida Shols Sotsial-demokratik partiyasidan nomzod sifatida ishtirok etadi.

Foto: WELT TV

Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (SPD) kansler Olaf Sholsni hukumat rahbari lavozimiga yangi muddatga nomzod sifatida rasman ma’qulladi.

Die Welt xabariga ko‘ra, SPD qurultoyida Olaf Shols saylovoldi nutq bilan chiqdi. 600 nafar delegat uning nutqini 6 daqiqalik qarsaklar bilan qutladi. O‘z nutqida Shols Germaniya «yo‘llar kesishmasida» ekanini aytib, Ukrainadagi mojaro va o‘ng partiyalarning kuchayishini ham tilga oldi.

Endi hukumat rahbari lavozimiga amaldagi kansler - sotsial-demokrat Olaf Sholsdan tashqari, Xristian-demokratik ittifoq (CDU) partiyasi raisi Fridrix Mers, Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Gabek (Yashillar partiyasi) va Germaniya uchun alternativa partiyasidan Bundestag deputati Alisa Vaydel da’vogarlik qilmoqda.

So‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, eng yuqori reyting CDU raisi Fridrix Mersga tegishli. Olaf Sholsning ham, hukmron koalitsiyaning ham mashhurligi keskin tushib ketganiga qaramay, bu uning yana nomzod sifatida ko‘rsatilishiga to‘sqinlik qilmadi.

Germaniyada navbatdan tashqari parlament saylovi 23 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid