Ozarboyjon Serbiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi
Gaz eksporti to‘xtatilishiga «Shohdengiz» konida yuzaga kelgan texnik muammo sabab bo‘lgan. Bundan oldin Ozarboyjon suvosti tarmog‘idagi nosozlik tufayli Bolgariyaga ham gaz yetkazishni to‘xtatgandi.
Ozarboyjon 11 yanvar kuni ertalab Serbiyani «Shohdengiz» konidagi muammo tufayli gaz yetkazib berishni to‘xtatishi haqida xabardor qildi. Bu haqda mamlakat prezidenti Aleksandr Vuchich AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Richard Verma bilan o‘tkazilgan muzokaralardan keyingi brifingda xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ozarboyjon Belgradga endi kunlik 1,7 million metr kub gazni yetkazib bera olmaydi.
«Gaz yetkazib berilishi qachondan boshlanishi aniq emasligi aytildi. Buni serb tiliga tarjima qilib aytadigan bo‘lsam, qadrdon xalqim, biz bugundan boshlab o‘z zaxiralarimizni ko‘proq va tezroq sarflashni boshlaymiz», — deydi Vuchich.
Serbiya prezidenti Ozarboyjon tomoni yuzaga kelgan muammoni bir-ikki oyda bartaraf etishiga umid bildirgan. «Agar bu amalga oshmasa, yaqin to‘rt oyda 2-3 million zaxiramizni sarflashga to‘g‘ri keladi», — deya ta’kidlaydi u.
Ozarboyjon tomonining ma’lum qilishicha, Shak Deniz Alpha (SDA) platformasi va Sangachal terminali o‘rtasidagi suvosti kondensat eksporti tarmog‘ida texnik nosozlik aniqlangan bo‘lib, uni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
7 yanvar kuni Ozarboyjon texnik sabablarga ko‘ra, Bolgariyaning «Bulgargaz» davlat kompaniyasiga tabiiy gaz yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatgan edi.
Vuchich Verma bilan qator masalalarni, jumladan, AQShning Naftna industrija Srbije (NIS) — Bolqondagi eng yirik energokompaniyalaridan biriga nisbatan sanksiyalarni muhokama qilgan. Ushbu kompaniya aksiyalarining 50 foizi «Gazpromneft»ga tegishli. Avvalroq «Gazpromneft» va NIS Vashington sanksiyalariga uchragan edi.
Mavzuga oid
21:45 / 09.01.2025
Rossiya Oqtov yaqinidagi aviahalokatning xolisona tergov qilinishidan manfaatdor - Peskov
15:20 / 08.01.2025
Aliyev Embreaer 190 «qora quti»si Moskvada ochilishiga ruxsat bermagan
23:46 / 07.01.2025
Ozarboyjon va Armaniston chegara bo‘yicha muzokaralarning yangi raundini o‘tkazadi
21:20 / 07.01.2025