O‘zbekiston | 15:17 / 13.01.2025
16752
2 daqiqa o‘qiladi

Mafkura bo‘yicha siyosiy arbob Ra’no Abdullayeva vafot etdi

O‘zbekiston SSR hukumati raisining o‘rinbosari, kommunistik partiyaning mafkura bo‘yicha kotibi lavozimlarida ishlagan Ra’no Abdullayeva 89 yoshida vafot etdi.

Foto: O‘zA

O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi Markaziy komitetining mafkura masalalari bo‘yicha kotibi bo‘lgan Ra’no Abdullayeva 12 yanvar kuni, 89 yoshida vafot etdi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.

Ra’no Abdullayeva 1935 yil 16 sentabrda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. 1970−1987 yillarda O‘zbekiston SSRda eng nufuzli shaxslardan biri hisoblangan.

U 1963−1971 yillarda O‘zbekiston komsomolining birinchi kotibi, so‘ngra O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisining o‘rinbosari, 1987 yilgacha O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy komitetining mafkura bo‘yicha kotibi lavozimlarida ishlagan.

SSSR Oliy Soveti deputati Ra’no Abdullayeva (suratda o‘ngda). Kreml, 1968 yil. / Foto: RIA Novosti

Ra’no Abdullayeva “paxta ishi” doirasida qariyb 2 yil qamoq jazosini o‘tagan, SSSR Oliy sudining qarori bilan oqlangan.

U 2020 yilda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)ga bergan intervyusida “paxta ishi”, mafkuraning o‘rni hamda SSR Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi Sharof Rashidov haqida so‘z yuritgan.

Marhuma hozirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (“O‘zatom”)ni boshqarayotgan Azim Ahmadxo‘jayevning buvisi edi.

Mavzuga oid