Jamiyat | 23:37 / 14.01.2025
2770
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 30 gektar yerni sotishga uringan MChJ rahbari ushlandi

U ijaraga berilgan yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 350 mln so‘m olganida qo‘lga tushgan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Navoiy viloyatida noqonuniy ravishda yer maydonini sotmoqchi bo‘lgan MChJ rahbari qo‘lga olindi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Qayd etilishicha, departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda «A.N.» MChJ rahbari J.A. korxonaga Nurota tumani hududidan ijara shartnomasi asosida ajratilgan 30 gektar yer maydonini fuqaro K.X.ga rasmiylashtirib olib berishi evaziga 350 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Andijon va Navoiy viloyatlarida noqonuniy tarzda yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangani, Toshkentda davlat zaxirasida bo‘lgan 7 sotix yerni 175 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid