O‘zbekistonlik erkak Krasnoyarsk aeroportida boshqa odamga pichoq bilan hamla qildi
U hodisa guvohlari tomonidan to‘xtatildi va politsiyaga topshirildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochildi.
40 yoshli o‘zbekistonlik Rossiyaning Krasnoyarsk shahri aeroportida odamga pichoq bilan hujum qildi. Baza xabariga ko‘ra, uning ismi-sharifi Umid Qaimov.
Ta’kidlanishicha, 13 yanvar kuni u aeroport majmuasining birinchi qavatida hech qanday sababsiz odamga pichoq bilan hamla qilgan. U hodisa guvohlari tomonidan to‘xtatilgan va politsiyaga topshirilgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasining transport bo‘yicha Sharqiy mintaqalararo tergov boshqarmasi xabariga ko‘ra, xorijlik fuqaroga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. U odam o‘ldirishga qasd qilishda ayblanmoqda.
Qayd qilinishicha, erkak aeroportga qurolsiz kelgan. Keyin bar peshtaxtasi ustiga chiqib, pichoq va bir shisha konyak olib, odamga tashlangan.
Uning xatti-harakatidan 39 yoshli Mansurbek T. jabrlangani aytilmoqda. Unga hodisa joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan, so‘ngra shifoxonaga yotqizilgan.
Qaimov huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan so‘roq qilinganida, hujumni rashk tufayli sodir etganini aytgan.
So‘roq jarayoni videolavhasida rus tilini yaxshi bilmaydigan va qo‘liga kishan urilgan erkak ko‘rinadi. Uning tushuntirishicha, uyiga uchib ketishni rejalashtirgan, biroq mast bo‘lgan. Tarjimonning aytishicha, qo‘lga olingan shaxs aroq iste’mol qilgan.
Ta’kidlanishicha, erkak tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yuborilgan.