Jahon | 21:51 / 14.01.2025
1833
3 daqiqa o‘qiladi

Qantas SpaceX raketasi bo‘laklarining qulash xavfi sabab reyslarini kechiktirdi

Avstraliya aviakompaniyasi Amerika raketasining bo‘laklari Hind okeaniga qulashi mumkinligi tufayli JARga reyslarini qoldirdi.

Foto: Reuters

Avstraliyaga tegishli Qantas aviakompaniyasi AQSh regulyatorining SpaceX raketasi bo‘laklari Hind okeaniga qulashi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlaridan keyin JARga reyslarini bekor qilishga majbur bo‘ldi, deb yozmoqda Financial Times.

Kompaniya oxirgi haftada Sidney va Yoxannesburg o‘rtasidagi bir nechta reysini parvozdan biroz avval bekor qilganini bildirdi, bunga SpaceX raketasi qismlarining atmosferaga qaytish muddati haqida kechroq ogohlantirilgani sabab bo‘lgan.

Qantas aviakompaniyaning operatsion markazi boshlig‘i Ben Hollandning ta’kidlashicha, havo qatnovini to‘xtatmaslik uchun SpaceX bilan bog‘lanilgan. Qantas 1950 yillar boshidan beri Hind okeanining janubiy qismidan o‘tadigan yo‘nalishlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatib keladi va u mazkur mintaqada faoliyat yurituvchi sanoqli aviakompaniyalardan hisoblanadi.

AQShda kosmik raketalarning tijoriy parvozlari, shuningdek, Amerika kompaniyalarining mamlakatdan tashqarida ham uchirilishlari, uchish apparatlari qoldiqlari va uning qismlarini Yer atmosferasiga qaytishi Federal fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi tomonidan nazorat qilinadi.

Odatda parvozlar trayektoriyasi raketa qoldiqlari okeanning chekka qismlariga tushishi inobatga olingan holda hisob-kitob qilinadi. Aviakompaniyalar va dengiz kemalariga xavf ostidagi zonalarni chetlab o‘tish tavsiya qilinadi.

Bunday holatlar juda kam ro‘y berishiga qaramay, Qantas kosmik apparat bo‘laklarining qulash xavfi sabab reyslarini bekor qilgan birinchi aviakompaniya emas. 2022 yilda Ispaniya havo makoni Xitoy raketasi qoldiqlarining qulash xavfi sabab qisman yopilgan, 300 dan ortiq reyslar bekor qilingan edi.

Shu bilan birga, sun’iy yo‘ldoshlar xizmatiga talab ortib borayotgan hozirgi zamonda rekatalarni uchirish jarayonlari oshib boradi. O‘tgan yilda kosmik raketalarni uchirish bo‘yicha rekord o‘rnatilgan — 259 ta parvoz. Ularning 256 tasi muvaffaqiyatli kechgan bo‘lib, parvozlarning yarmidan ortig‘i SpaceX kompaniyasi hisobiga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid