Jahon | 22:13 / 15.01.2025
828
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Mudofaa vazirligi X ijtimoiy tarmog‘idan ketdi

Bunga ijtimoiy tarmoq egasi Ilon Mask nemis hukumati vakillariga qarshi ko‘plab haqoratli chiqishlarni amalga oshirayotgani sabab bo‘ldi. O‘tgan hafta 60 ta nemis universiteti va tadqiqot markazi ham platformani tark etgandi.

Foto: Getty Images

Germaniya Mudofaa vazirligi X ijtimoiy tarmog‘idagi o‘zining rasmiy akkaunti faoliyatini to‘xtatishini e’lon qildi.

«Bu yerda faktlarni almashish tobora qiyinlashib borayotgani sabab biz shunday qadamni tashlashga qaror qildik», — deyiladi idora xabarida.

Shuningdek, nemis armiyasi (bundesver), bundesver bosh inspektori Karsten Broyyer va idoraning boshqa vakillari akkauntlari ham o‘z faoliyatini to‘xtatadi.

«Mudofaa vazirligi o‘z pozitsiyasini egalladi, ammo biz hozicha qarama-qarshiliklardan xoli bo‘lmagan platformada qolamiz», — deyiladi nemis kanselyariyasi izohida.

Germaniya Mudofaa vazirligi akkauntlari faoliyati to‘xtatilishi X ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Mask nemis hukumati vakillariga qarshi ko‘plab haqoratli chiqishlarni amalga oshirayotgani sabab sodir bo‘lmoqda. Xususan, biznesmen Germaniya kansleri Olaf Sholsni «nokompetent ahmoq» deb atab, u iste’foga chiqishi kerakligini aytdi.

9 yanvar kuni Ilon Mask X ijtimoiy tarmog‘ida o‘ng populistik «Germaniya uchun muqobil» (GuM) partiyasi yetakchisi Alis Vaydel bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir o‘tkazgandi. Shundan keyin bundestag 23 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga aralashish ehtimoli yuzasidan tekshiruv boshladi. Dekabr oxirlarida biznesmen «faqat GuM Germaniyani qutqarib qola oladi», deb yozgandi.

O‘tgan hafta 60 ta nemis universiteti va tadqiqot markazi ham platformani tark etgandi. Ularning hisoblashicha, X ijtimoiy tarmog‘i ultrao‘ng qarashlar va konspirologiyani qo‘llab-quvvatlaydi.

Mavzuga oid